- Rukn: Sheʼrlar
- 509 marta ko‘rilgan
Suv – doʻsting, ham dushmaning!
(Doston)
Yaylovda yurar o‘ynab,
Komil, Jasur va Zaynab.
Quvnab yayrashgan sari,
Manzildan ketdi nari.
Yaqinlab toshqin soyga,
Hayqirgan shoshqin soyga.
Soy shunchalar keng edi,
Daryolarga teng edi.
Suvi tiniq, muzsimon,
Yaxlatadi begumon.
Zirillar qirg‘oq, borsang,
Odam ne, hatto xarsang.
Oqib ketar, dumalab,
Bir-birini quvalab...
O‘rkach-o‘rkach bo‘lar suv,
Goh ko‘pirib to‘lar suv.
Guldiraydi erta-kech,
Tushgan omon qolmas hech.
– Qanday go‘zal, qanday soz! –
Jasurda o‘ktam ovoz,
– Suvi tiniq chashmaday,
Cho‘milaman oshna, man!
Komil uni qo‘lladi,
Taklifni ma’qulladi.
Biroq Zaynabxon hushyor,
Ogohlantirdi takror:
–Bormang aslo soy tomon,
Ortga qaytaylik shu on.
Suv ichra suzmoqlikka,
Bir-birdan o‘zmoqlikka
Yetmas aslo kuchingiz,
Bu qarordan kechingiz...
Jasur osmadi quloq,
Maqtanib dedi shu choq:
– Men Jasurman, Jasurman,
Cho‘milishda eng zo‘rman! –
Shunday dedi-yu soyga –
Sakradi toshqin joyga.
Suzishga ulgurmadi,
Oqim imkon bermadi.
Jasur bo‘ldi chirpirak,
To‘lqin aro pirpirak.
Suv yutib, goho cho‘kib,
Goho suv uzra chiqib.
Qichqirardi: Onajon!
Yig‘lab qoldi Zaynabxon.
Faryodga to‘ldi har yoq,
Komil izlardi tayoq...
... Sodir bo‘ldi ajib hol,
Tushunmoq amrimahol.
Paydo bo‘ldi ulkan qush,
O‘ngmidi bu yoki tush?!
Soyga otdi o‘zini,
Ilg‘ab bo‘lmas izini.
Jasur ham, qush ham g‘oyib,
Bu qanday sir g‘aroyib?!
Bir mahal suv ichidan,
To‘lqinlarning kuchidan
Otilib chiqar Sardor,
O‘sha yovqur xaloskor.
Bag‘rida Jasur – behush,
Yotar misli xasta qush.
Sardor chiqib qirg‘oqqa,
Tushdi yordam bermoqqa...
Ko‘maklashdi basma-bas,
Ham berdi sun’iy nafas.
So‘l yoniga ag‘dardi,
Yutgan suvin chiqardi.
Keltirib uni o‘zga,
Quloq sol, – dedi, – so‘zga.
Garchi Jasur bo‘lsang ham,
Har ishda zo‘r bo‘lsang ham.
O‘ylamay bir ish qilma,
Barchaga tashvish qilma!
Uchragan turli joyda,
Daryo-mi, anhor, soyda.
Suzmoqni qilma havas,
Yosh joningga qilma qasd.
Gar bo‘lsa kuchli oqim,
Suza olmaydi hech kim.
Notanishdir suv osti,
Sakrab, sho‘ng‘ima asti.
Suv yuzi garchi tiniq,
Ostida – shisha siniq.
Qirra tosh-u har ildiz,
Sanchilar misli bigiz.
Jarohat olmog‘ing bor,
Nadomat qilmaydi kor.
Benaf so‘nggi pushmoning,
Suv – do‘sting, ham dushmaning...
Yaqinlar bilan birga,
Bor mayli, xavfsiz yerga.
Toza, pok bo‘lsa havza,
Yayrab cho‘milish – mazza!
Zaynab dedi, – uyga yur!
Xo‘p, – dedi mitti Jasur.
Jasur, Komil va Zaynab
Uyga qaytishdi yayrab.
Bahodir OBID