Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Rauf Tolib she’rlaridan

Biz, o‘tgan asrning 70-yillar bolalari taniqli shoir Rauf Tolibning o‘ynoqi, quvnoq, biroq falsafaga boy she’rlarini o‘qib ulg‘ayganmiz. Ochig‘i, uning har bir she’rida biz o‘zimizni ko‘rardik. Chunki Rauf aka bolalar hayotini, ularning o‘y-xayolini, fe’l-atvorini, xatti-harakatini xuddi ko‘rib turgandek, aniq-tiniq tasvirlab berardi. Katta tanaffusdagi ur-yiqitlar, yozma ish tashvishlari, xo‘p-xo‘pchi, fikrsiz, beparvo, loqayd bolalar... Eh-he, shoirning kichik she’ridagi bunday katta ma’nolarni sinfdoshlar bilan qizg‘in muhokama qilar, o‘zimiz uchun to‘g‘ri xulosalar chiqarar edik.

Zero, Rauf Tolib she’rlari beminnat, kamtar tarbiyachilarga o‘xshardi. Ne baxtki, o‘zim muxlisi bo‘lgan shoir akamiz bilan “Gulxan” jurnalida birga ishladik. Tabiatan kamtar, kamgap Rauf aka bolalar davrasida yoki o‘zi jurnal qoshida tashkil qilgan “Yosh qalamkash” to‘garagi mashg‘ulotlarida butunlay boshqa odamga aylanar edi. Adabiyot haqida, she’riyat haqida shunday yonib gapirar, mashqlarni shunday talabchanlik bilan tahrir qilardiki...

Rauf aka tinch oqar daryoga o‘xshardi. Tinch oqqan daryoning tubida esa katta po‘rtanalar bo‘ladi. Rauf Tolib qalbida ham she’rning, she’riyatning ulkan vulqoni qaynar edi. Ana shu vulqon bolalarga mehr bo‘lib she’rlarida, hikoyalarida lovullardi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Rauf Tolib hayot bo‘lganida may oyida 70 yoshini nishonlar edi. Uning “Ilmlilar ming yashar”, “Osmon bog‘”, “Mirjalol nega lol?” kabi 10 dan ortiq kitoblari shoir umri davomi bo‘lib, yana uzoq yillar o‘zbek bolalarining adabiyotga mehrini oshirishga xizmat qilaveradi.

Muhabbat HAMIDOVA

 

YO‘LDAGI SUHBATLAR

Ayt-chi, buncha jilmayib,

Kulayapsan, quyoshjon?

– Ola bulutlar yo‘qdir,

Qara, tip-tiniq osmon.

***

– Toshdan-toshga sakrab, Soy,

Qayoqqa shoshyapsan, hoy?

– To‘xtab turayin qandoq,

Meni kutar dala, bog‘...

***

– Ey qush, nega sayraysan

Tinim bilmay tonggi payt?

– Ona yurt go‘zalligin

Kuylamay bo‘larmi, ayt?

***

– Ey niholjon, ne uchun

Qarsak chalar yaprog‘ing?

– Shodman, chunki hosildan

Egilgandir butog‘im.

***

– Tog‘jon, sen buncha yuksak,

Senmi osmonga ustun?

– Oh, bilsang, inson qo‘li

Mendan ham yuksak, uzun.

***

– Ey gul, buncha tovlanib,

O‘zingga beryapsan zeb?

– Boqqaningda, bolajon,

Ko‘zlaring quvnasin, deb.

***

Shamol, qayga chopyapsan,

Seni quvlarmi birov?

– Axir qancha ishim bor,

Bo‘lmas bormasam darrov.

***

– Bog‘bon ota, siz buncha

Shod-xandon?

– Hosil bu yil mo‘l-u ko‘l,

Bolajon!

 

Yomg‘ir yog‘aloq

Yomg‘ir, yomg‘ir, yog‘aloq,

Kaftimni tutib,

Deyman, qanфi yog‘ tezroq,

Turibman kutib.

Yomg‘ir so‘zlaydi shunda:

– Qiziq bolasan,

Yog‘sam, ne uchun mendan

Qochib qolasan?

 

Rauf Tolib

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.