- Rukn: Sheʼrlar
- 2438 marta ko‘rilgan
Onajon maktab
Yana bir kun quyosh chiqarkan kulib,
Umrim soniyasi o‘tar damba-dam.
Yuragim talpinar issiq bag‘ringga
Ziyo, nur taratgan, ey aziz maskan.
Tanish yuz-chehralar, tanish tabiat,
Mehrimni berganman maktab – xilqatga.
Har on g‘animatdir, o‘qimoqlik farz,
Quchoqlab kitobni chalindim “dard”ga.
Ko‘ksida har kunim chaqnagan chaqmoq,
Yo shuncha uchqurmi hayot yo‘llari.
Ardoqli o‘g‘lidek meni opichlar,
Onajon maktabning qaynoq qo‘llari.
O‘sib-unayapman do‘stlarim bilan,
“A’lolar shodasi bo‘ynimdagi zar.
Qadrdon maktabim – diydor maskanim,
Dilim peshtoqiga qadalgan gavhar.
Ustozlarga bergan ezgu bir va’da –
Shuurim ko‘shkiga qadalgan bayroq.
Toki qulog‘imda jarang beradi
Yurakda yangragan so‘nggi qo‘ng‘iroq.
Oybek XUDOYBERDIYEV