- Rukn: Sheʼrlar
- 2973 marta ko‘rilgan
Yashnadi dala, bog‘lar
Yomg‘ir
Derazam asta chertib,
Yomg‘ir yog‘ar shivalab.
Bog‘-dalani yashnatib,
Tabiatni erkalab.
O‘zgachadir bu yomg‘ir,
Unda ko‘klam bo‘yi bor.
Zaminning uyg‘onishi,
Maysalarning kuyi bor.
Mayli, yog‘aver yomg‘ir,
Bo‘yoqlaring ko‘k bo‘lsin.
To‘yinsin ona zamin,
Elim, yurtim to‘q bo‘lsin.
Bahor quvonchi
Qish ketib bahor keldi,
Yashnadi dala, bog‘lar.
Tabiat husniga jo‘r
Qo‘shig‘in aytdi soylar.
Har yerda hayot qaynab,
Qushlar chug‘urlab qoldi.
Bahorga tashna qalblar
Quyoshdan ulgi oldi.
Oftob labida kulgu,
Borliqqa ulashdi sep.
Turfa gullar ochilib,
Chor-atrofga berdi zeb.
Svetlana Yo‘ldosheva