Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Saodatim nurday tovlanur

Vatan ishqi

 

Erta tongda ufqdan boqar,

Sochin tarab nurafshon quyosh.

Unga suq-la termular bashar,

Chunki quyosh biz bilan tengdosh.

 

Bizga jilva qilganday yulduz,

Nozlanadir baxtim tongida.

Posbonimiz kecha-yu kunduz,

Ishqi yangrar qalb ohangida.

 

Saodatim nurday tovlanur,

Bizga boqqan zavq ila Vatan.

Unga mening muhabbatim zo‘r,

Fido bo‘lsin unga jon-u tan.

 

Olov yoshlik uradir javlon,

Keng fazoni qamal qilishga.

Vatan ishqi undan begumon

Lochinlarday uchqur bo‘lishga.

 

Mana shunday bu bizning hayot,

Kundan-kunga olg‘a ketajak.

Ilhomimga berib zo‘r qanot,

Mamlakatim gullar tutajak!

 

Singilga

 

Navbahorning chamanzorida,

Gullar terding quvnab, dastalab.

Kulib boqqan fazodagi oy

Jilva qilar senga erkalab.

 

Bu Vatanning yer yulduzlari

Senday yorug‘, sen kabi quvnoq.

Kulib turgan qora ko‘zlaring,

Mehnat bog‘in guliga mushtoq.

 

Baxt bayrog‘ing nurda tovlanar,

Iqbolingning yo‘q intihosi.

Erk g‘unchasi tinmay gul ochar,

Sochlaringni silar sabosi.

 

Bu Vatanda bizlar do‘st, qardosh,

Yuragimiz tongdek beg‘ubor.

Boshimizda nur sochgan quyosh

Bugun bizdek shod va baxtiyor.

 

Sharof RASHIDOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.