- Rukn: Sheʼrlar
- 395 marta ko‘rilgan
Shamolvoyning so‘zlari
Bog‘bon bobo, ko‘nglingiz
Og‘ritib qo‘ydim biroz.
Sho‘xlik qilib, pishmagan
Olmangiz to‘kkanim rost.
Tan olaman, eshitmay,
Tinglamayin dodini.
Bexos sindirib qo‘ydim
Behining qo‘sh shoxini.
Yong‘oq meni sotdimi?!
O‘zi avval bilgandim.
Ko‘tarmabdi-da nomard
Bitta hazil qilganim.
Yomonlikdan men yiroq,
Siz qarg‘amang, iltimos!
Sal o‘jarroq, sal quvnoq –
Tabiatim shu biroz.
Ne bo‘lsa bo‘ldi, bobo,
Izza qilmang, do‘q urib.
Xazon to‘la hovlingiz
Qo‘ydim, axir supurib.
Jamoliddin Qilichov,
Andijon davlat universiteti
filologiya fakulteti
2-bosqich talabasi