- Rukn: Sheʼrlar
- 1104 marta ko‘rilgan
“Shivirlab qoʻshiq aytgan bogʻlarga qarang”
Ikki boʻri
Ikki boʻri olishar,
Dalada goʻsht talashib.
Hakamlik qilar tulki,
Quvlik shumligi oshib.
– Qani, qani, – dedi u,
Kim chiqar ekan gʻolib?
Gʻolib kelgan pahlavon,
Ketadi goʻshtni olib.
Oxiri ikki boʻri,
Yiqildi holdan toyib.
Tulki-chi olib goʻshtni,
Koʻzdan tez boʻldi gʻoyib.
Topqir tarozi
Keling, qani, doʻstlarim,
Bilaylik-chi kim ogʻir?
Aniqlaydi bir damda,
Tarozim juda topqir.
Nor tarozga tushdi-da,
Bir oyogʻin koʻtardi.
Yengil boʻlay, – deya u
Natijani kutardi.
Shunda doʻsti Islom der,
– Oyogʻing tushir ildam.
Mendan ogʻir ekansan,
Bir oyoqda tursang ham.
Yomgʻir
Ertadan to kechgacha
Yogʻadi yomgʻir,
Yer betida qoldirmas
Zarracha ham kir.
Oqizadi barini
Quvib soylarga.
Ozodalik keltirar,
Barcha joylarga...
Ekin-tikin jonlanib,
Olar yashil rang.
Shivirlab qoʻshiq aytgan
Bogʻlarga qarang.
Novvoymi, deyman
Erta bahor uy bogʻotiga
Qaldirgʻochlar qurganida in.
Unga tushib Dilshodning koʻzi,
Oyisidan soʻradi sekin:
– Oyi, oyi bogʻotga qarang,
Qaldirgʻochlar novvoymi, deyman?
Tandirini yasab olibdi,
Olib bering, nonidan yeyman.
Zoye ketdi
Daraxtni gʻajiyotgan
Echkini koʻrib Iqbol,
Koʻkartmading sen aslo
Ekkanimda oʻrik, tol.
Mehnatim zoye ketar,
Deb oldinga yugurdi.
Bir koʻchatni sindirib
Echkini quvib, urdi.
Yigʻlab qoldi
Gulga qoʻnib asalari, yiqqanida bol,
Asalingdan yeyman, – deya singlim Oyjamol.
Qoʻlin choʻzib qanotidan tez ushlab oldi,
Ari chaqib uchib ketdi, u yigʻlab qoldi.
Ernazar Roʻzimatov