- Rukn: Sheʼrlar
- 1149 marta ko‘rilgan
Vatan bayrogʻi
Polvonlar bellashib bahs maydonida
Shohsupada magʻrur qad kergan chogʻi –
Vatan madhi yangrab gʻolib shaʼniga,
Bosh uzra yuksalar Vatan bayrogʻi.
El-yurt taqdiriga doxil arboblar
Bir fikrga kelgach anjuman qurib,
Qoʻl berib ahd etar mudom har bobda,
Vatan bayrogʻining yonida turib.
...Onadan dunyoga kelib, oqibat
Vatan tuprogʻiga ketar har bashar.
Vatan bayrogʻi-yu ona roʻmoli
Bosh uzra hilpirab tursa yarashar.
Shunday bir odat bor: otlanar ekan
Vatanni himoya etmoqqa agar,
Ota-yu onasin duosidan soʻng
Yurt bayrogʻin oʻpar askar yigitlar.
Qalam ham zabt etmoq bobida illo,
Askar qurolidan aslo emas kam.
Shu bois tiz choʻkib, chin ixlos ila
Yurtim bayrogʻini oʻpaman men ham
Zarang ogʻochidan uning dastasi,
Matosi oʻzbegim oridan bunyod.
O, yurtim bayrogʻi, koʻnglim nashʼasi,
Hilpirab turaver turgancha dunyo!
Saʼdulla HAKIM