- Rukn: Sheʼrlar
- 1042 marta ko‘rilgan
“Qoldirdingmi ruchkangni yoki uyda unutib?..”
El suygan shoir Muhammad Rahmon hayot boʻlganida bugun 70 yoshga toʻlardi. Bolalarni jon-dilidan sevgan shoir qisqa umri mobaynida ularga ham juda chiroyli, mazmunli, fikrini oʻstiruvchi sheʼrlar yozishga ulgurdi. Shu bois shoirning asarlari bugun ham maroq bilan oʻqilmoqda. Quyida ana shunday sheʼrlardan ayrimlari bilan tanishasiz.
Hayvonot bogʻida
Shallaqi emish baqa,
Kenguru – kaltabaqay,
Baliqlar-chi gung emish,
Boʻri esa toʻng emish.
Jirafa emish naynov,
Ayiq esa goʻl anqov.
Begemot tanbal emish,
Fil shoʻrlik dagʻal emish.
Olifta satang tovus,
Tuya – bukri, sher – yovuz.
...Bir ayb topib hammadan,
Kamsitmoqchi boʻladi.
Zooparkda xandon qush
Xandon otib kuladi.
Sher oʻkirar qafasda,
Shoʻrlik boʻri uladi!
Asablari judayam
Mustahkam ekan chogʻi
Faqat maymun xotirjam
Chakkasida barmogʻi!
Kular hamon
Xandon qush,
Buzib bogʻning jimligin.
Bir boqsa u maymunga
Bilar oʻzi kimligin!..
Vijdon
Boshchalarin goh oʻng, goh
Chapga tashlab hijjalab,
Harf koʻchirar doskadan
Birinchi sinf bittalab.
Buzib xona jimligin
Qitirlaydi perolar.
Tushar yoʻl-yoʻl chiziqqa
Aji-buji “R”, “O”lar
Harf koʻchirar butun sinf
Egilgancha daftarga,
Labi lunji osilgan,
Nima boʻldi Akbarga?
Yozmay-chizmay birinchi –
Partada u oʻltirar,
Gunoh qilib qoʻyganday
Javdiraydi, moʻltirar.
– Tobing yoʻqmi? – soʻraydi
Muallima kuyunib. –
Qoldirdingmi ruchkangni
Yoki uyda unutib?..
– Sogʻman! – deydi Akbar. – Sogʻ!
Olvolganman ruchkani,
Yomon boʻldi oʻrnimga
Hoshimjonning koʻchgani!
Doska qolib yaxshimi
Koʻrsa yelka, boshimni,
Boʻyi mendan bir qarich
Pastku, axir Hoshimning!
Aytibdilar, aytsalar,
Yoʻq, qaytaman joyimga...
Oyim oʻzi shunaqa,
Quloq solmang, oyimga...
Muhammad Rahmon