- Rukn: Sheʼrlar
- 681 marta ko‘rilgan
Shoirlar bolalarga
Karantinga rioya qiling!
Salomatlik tuman boylikdir,
Sog‘lom odam xo‘p chiroylikdir.
Kerak qat’iy tartib, intizom,
Sog‘lig‘ingiz himoya qiling,
Karantinga rioya qiling!
Toza bo‘lsin yuz-u qo‘lingiz,
Toza bo‘lsin niyat, dilingiz,
Oydin bo‘lar shunda yo‘lingiz,
Sog‘lig‘ingiz himoya qiling,
Karantinga rioya qiling!
Kurash bilan tirikdir inson,
Hayot o‘zi sinov-imtihon.
Kerak qat’iy tartib-intizom,
Sog‘lig‘ingiz himoya qiling,
Karantinga rioya qiling!
Mashaqqatning rohati bo‘lar,
Quvonchning vaqt-soati bo‘lar,
Po‘lat og‘a baxtingiz tilar,
Sog‘lig‘ingiz himoya qiling,
Karantinga rioya qiling!
Madhiyam
Serquyosh diyorimning
Serjilo jarangisan.
Har tong kulgan oftobday
Ohorlisan, yangisan.
Yaxshilikka boshlovchi
Hayotning zo‘r bongisan.
Qalbga qanot madhiyam,
Erkin hayot tongisan.
Jannat bog‘i, baland tog‘lar
Jilvalanar ko‘zimda.
Ulug‘ xalqim qudrati
Jo‘sh urar har so‘zingda.
Faxr-g‘urur mavjlanar
To‘lqin urib ko‘ksimda.
Toshqin daryo madhiyam,
Yorqin navo madhiyam.
Bolalik
Bolaligim – boychechak,
Bahorlarni boshlagan.
Ko‘ylagi kabi oppoq
Nahorlarni boshlagan.
Qum ko‘chalarda changga
Ko‘milgan bolaligim.
Ariqlarda baliqday
Cho‘milgan bolaligim.
Yozning o‘t quyoshida
Po‘lat bo‘lib toblangan.
Xivich toychoqni minib,
Kelajakka otlangan.
Bolga to‘lgan bog‘lardan
Quvvat olib bilagi,
Boychechakday boylangan
Ona yerga yuragi.
Poʻlat Xudoyberganov