- Rukn: Sheʼrlar
- 631 marta ko‘rilgan
Navoiysin topolgan dunyo
Kelajakka qo‘yib poydevor,
Tarix so‘zlar – ko‘zgudagi bo‘y.
Nazm oqar, azim, shiddatkor
Og‘ushiga tortib ketar o‘y.
Mo‘jizalar yaratib har on,
Atom asri qo‘l silkir go‘yo,
Mening qalbim bir armon o‘rtar –
Navoiysin sog‘ingan dunyo.
Komil inson yaralarmi yo,
Uyg‘oq vijdon aziyatidan:
Bu dunyodan qo‘li bo‘sh ketgan,
Iskandarning vasiyatidan.
No‘shiravon gulgun bog‘ida,
Qay nargizdan taralar hayo,
Yuragimni bir orzu o‘rtar –
Navoiyni izlagan dunyo.
Sensan, zamin, borlig‘im, sha’nim,
Qat-qatingda ildizlar pinhon,
Shu ildizda o‘zligim manim,
Onam bo‘lib so‘zlagan zabon.
Hasadlarni yengolgan hayrat,
Ozodlikka qalb ochgan ziyo,
Quyosh sari ko‘kka bo‘y cho‘zib,
Navoiysin topolgan dunyo!
Kavsar Turdiyeva