- Rukn: Sheʼrlar
- 897 marta ko‘rilgan
Qizim Kumushoy
Qizim Kumushoy
Baridan a’losan, qizim Kumushoy.
Yorug‘ dunyo nima, olam nimadir,
Qarog‘im gavhari – ko‘zim, Kumushoy.
Kulsang yorishadi zimiston xonam,
Qoshingda muntazir onang-u onam.
Yagona xudoyim bergan yagonam,
Yig‘lasang, yosh yuvar yuzim, Kumushoy.
Kulging kumush bo‘lsa, chehrang to‘lin oy,
Kechalar uzanib silar qo‘ling oy.
Quyosh xizmatingda, sodiq quling oy,
Yulduzchalar tizim-tizim, Kumushoy.
Sen dunyoga kelding, dunyo xush bo‘ldi,
Yomon kunlar qoldi, eski tush bo‘ldi.
Jujuqqinam, nega qo‘ling musht bo‘ldi?
Mening aytolmagan so‘zim – Kumushoy.
Senga qo‘shib xudo berdi farog‘at,
Momiq sochlaringda ajib tarovat.
Termulsam bir huzur, o‘ylasam rohat,
Joningdan aylanay o‘zim, Kumushoy!
Vatan sogʻ boʻlsin!
Yo‘l boshida turibmiz, ota,
Tilak ayting, manzil oq bo‘lsin.
Ot jilovi tortilgan chog‘da
Ruh xotirjam, ko‘ngil chog‘ bo‘lsin.
Duo qiling, ish mundog‘ bo‘lsin:
Siz bor bo‘ling, Vatan sog‘ bo‘lsin!
Ona Vatan deyman-a, ona,
Ich-etimni yeyman-a, ona.
O‘yinqaroq bo‘lib ketsam ham,
Siz boshimda oyday parvona.
Mador bo‘ling, oy hamroh bo‘lsin,
Siz bor bo‘ling, Vatan sog‘ bo‘lsin!
Qancha yog‘iy chopiblar o‘tdi,
To‘rt tarafdan qopiblar o‘tdi.
Do‘stlar, majruh Vatan egniga
Bobom jonin yopiblar o‘tdi.
Bedor bo‘ling, el ogoh bo‘lsin,
Siz bor bo‘ling, Vatan sog‘ bo‘lsin!
Jannat yurtda hursiz, parisiz,
Osmon elning hulkarlarisiz.
Ko‘zingizga surmadir hayo,
Yuraktovning hurkaklarisiz.
Dildor bo‘ling, yor mushtoq bo‘lsin,
Siz bor bo‘ling, Vatan sog‘ bo‘lsin!
Ey umidim g‘unchasi, bolam!
Siz kulsangiz, kulgili alam.
Bir kuni ko‘z yumsam dunyodan,
Sizga qovoq solmasin olam.
Hushyor bo‘ling, Haq panoh bo‘lsin,
Siz bor bo‘ling, Vatan sog‘ bo‘lsin!
Ukalarim, bugun lim to‘ldim,
Shu o‘lka deb yashnadim, so‘ldim.
Men Vatanga mardikor emas,
Vatanimga men dastyor bo‘ldim.
Dastyor bo‘ling, xalq podshoh bo‘lsin,
Siz bor bo‘ling, Vatan sog‘ bo‘lsin!
Iqbol Mirzo,
Oʻzbekiston xalq shoiri