- Rukn: Sheʼrlar
- 636 marta ko‘rilgan
Oʻroz Haydar ijodidan
Shoshqaloq
Shoshib keldi-yu, Xoliq,
Piyolaga choy suzdi.
Ichgandi, kuydi og‘zi,
Dodi olamni buzdi.
Shoshqaloqning holi shu,
Bilmas hayot hazilin.
O‘ziga ham sezdirmay,
Berib qo‘yar ta’zirin.
Besh ketdim
Tizilishib
Turnalar,
Uchar ko‘kda
“Qur-qur”lab.
Shaddod Vali
Lol qotgan,
Gap qotadi
Pichirlab:
– Kim o‘zarga
O‘ynamay
Saf tortishgan,
Uchar jim.
Qanday ahil,
Do‘st-inoq,
Turnalarga
Besh ketdim.
Shamol qoʻshigʻi
Uchiraman varrakni,
Aylantirgum parrakni.
Suv yuzin jimirlatgum,
Toshni ham qimirlatgum.
Qumloqda paydo izim,
Qor uzra rasm chizgum.
Shabnamni simiraman,
Xazonni supuraman.
To‘siq nima, bilmayman,
Nazarimga ilmayman.
Qo‘lbog‘ichga yo‘q hojat,
So‘ramayman hech najot.
Chunki hurman, erkinman,
(Kavakka-da berkinmam).
Tutmang sira qo‘limdan,
Adashmayman yo‘limdan.
Temurbek bolalari
Saf tortamiz
Ertalab,
Yel esganda
Erkalab.
Mag‘rur qadam
Tashlaymiz,
So‘ngra qo‘shiq
Boshlaymiz.
Gurs-gurs qadam
Tovushi,
O‘ngarar oy
Kovushin.
Osmon yechib
To‘nini,
Qutlar yangi
Kunini.
Yurtga tegar
Nafimiz,
Yurtga qalqon
Safimiz.
Oʻroz Haydar