- Rukn: Sheʼrlar
- 1152 marta ko‘rilgan
Shukrona
Inson bo‘lib tug‘ilganim baxtim erur,
Qo‘llar ochiq holatda ham rizqin terur.
Ikki kaftim birlashtirib ne so‘rasam,
Yaratganim so‘rganimdan ortiq berur.
Har bir ishning o‘ziga xos hikmati bor,
Hatto kulfat xosiyatsiz kelmas zinhor.
O‘zi suygan bandasini sinar deya,
Quvongayman garchi qalbim cheksa ozor.
Bir kam deya atadilar, kam topdilar,
Bilmam nega dillarida g‘am topdilar.
Shukur deyman, birning o‘zi, ikki emas,
Qolgan to‘qson to‘qqizini ham topdilar.
Tanam dardni tuyganiga ming shukurlar,
Qalbim o‘tda kuyganiga ming shukurlar.
Busiz ne’mat qadrini hech bilmas edim,
Sinov ila suyganiga ming shukurlar.
Nozima Abdumajidova,
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi
40-maktabning 10-sinf o‘quvchisi