- Rukn: Sheʼrlar
- 4994 marta ko‘rilgan
Singlimning siri
Odina ABDUMO‘MINOVA 2000-yil 21-avgustda Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida tavallud topgan. Bolalar adabiyoti yo‘nalishida ijod qiladi. She’rlari “Sirdaryo g‘unchalari” (2016), “Quvnoq bolalar” (2018), “Boyovut g‘unchalari” (2019), “Suyunchi” (2023), “Parvoz” (2023) nomli yoshlar bayozlaridan o‘rin olgan. 2020-yilda Respublika Yosh ijodkorlar kengashi tomonidan tashkil etilgan “Qish monologi” tanlovida, 2022-yilda “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” kabi qator Respublika tanlovlarida faxrli o‘rinlarni egallagan. “Yoniq yuraklar”, “Duel”, “Chorlov” ijodiy tanlovlari sovrindori.
SINGLIMNING SIRI
“Kim boradi do‘konga”,
Deb qolsalar gar oyim.
Darrov “Men boray”, deya,
So‘z boshlaydi Guloyim.
Boshqa payt-chi, ishlarni,
“Opam qilsinlar”, deyar.
Magazin tomon bo‘lsa,
Xursand bo‘lib yugurar.
Oxiri bilib oldim,
Sababi ekan bundoq:
Qaytimlarni yig‘ib u,
Olar ekan qo‘g‘irchoq.
***
XO‘ROZ EMAS XO‘ROZQAND
Dadam aytdi akamga,
“Qani boraqol, Sheroz.
Shu pulga qo‘shnimizdan,
Olib kel bitta xo‘roz”.
Xo‘p dedi-yu shoshgancha,
Chiqib ketgandi akam.
Voqeaning davomin
Sizlarga aytay bekam.
Akam keldi, ko‘ngli chog‘,
Eh, dadamga berdi pand.
Derdi: “Bitta xo‘rozmas,
Oldim yuzta xo‘rozqand!”
***
“A’LOCHI”
Tunov kun “ikki” olib,
Qilgandim sizni xafa.
Hozir esa suyunchi
Olishga keldim, dada.
A’lochilar safiga,
Qarang, qo‘shilib qoldim.
“Ikki”ga “uch” “besh” bo‘lar,
Bugun “uch” baho oldim.
***
QULOG‘I TUSHIB QOPTI
Onasining aytganin,
Qilmaydi sira Kamol
Sho‘xligidan gap ketsa,
Ta’riflashga til ham lol.
Hatto o‘tgan, ketganni,
Qo‘ymaydi o‘z holiga.
Hayvonlarni qiynaydi,
Ozor berib joniga.
“Qulog‘ingga kirmas gap,
Qachon odam bo‘lasan?!
Ey, quloqsiz yaqinda,
Axir o‘nga to‘lasan”.
Onasi ming hasratda,
Yonib, kuyib so‘zlardi.
Olti yoshli ukasi,
Tinglardi va o‘ylardi:
“Eh bechora akam-a,
Qaydan bunday dard topdi?
Endi qanday yashaydi,
Qulog‘i tushib qopti”.