- Rukn: Sheʼrlar
- 2571 marta ko‘rilgan
Soʻnggi qoʻngʻiroq
Egnimda chiroyli maktab libosi
“Soʻnggi qoʻngʻiroq”qa yoʻl oldim bugun.
Sevinaymi yoki xafa boʻlaymi,
Boryapman negadir dilim gʻash, mahzun.
Mana, qulogʻimga chalindi navo,
Navoki nazdimda “haydalish kuyi”.
Yelkamda bosh emas, koʻtarib toshni
Keldim, bunda goʻyo maktabim toʻyi.
Qadrdon maskanim – kichik vatanim,
Ustozlar ardogʻi, bilimlar koni.
Seni qancha suysam, bilki, shuncha oz
Senda topdim tiniq nurni, ziyoni.
Bir zum chalinmay tur “soʻnggi qoʻngʻiroq”,
Hayajonim biroz olay jilovlab.
Bu gal tanaffusga chiqmayman, aniq
Shoshma, chalinmay tur qalbni egovlab.
Onamdek mehribon, otamdek ulugʻ,
Aziz ustozlarga etayin taʼzim.
Guldastalar tutay, mehrimni tutay,
Aytayin boʻynimda oʻtmagan qarzim.
Bolalik, gʻoʻrligim kechgan ey dargoh,
Xayr, men ulgʻaygan sinfxonalar.
Partadagi yozuv, poldagi tirqish,
Devordagi oʻyiq – “muhim sanalar”.
Xayr sinfdoshim, xayr doʻstlarim,
Sizni sogʻinaman, qadrdonlarim.
Garchi yoʻllarimiz boʻlsa-da ayro,
To abad qalbdasiz mehribonlarim.
Zahro Hasanova