- Rukn: Sheʼrlar
- 3510 marta ko‘rilgan
Soʻroqlaydi shoirni sheʼrim
Gʻayratiyga
Gʻayratiy bobo boʻldingiz,
Gʻayratli bobo boʻldingiz.
Bolalar koʻnglida qolgan,
Qimmatli bobo boʻldingiz.
Istiqlolni uzoq kutgan,
Vohidovga qalam tutgan.
Sayyor, Toʻlqin, Saloh kabi
Shogirdlarin toʻrga eltgan.
Hamon darsliklarda jodir
Siz bitgan qissalar, sheʼrlar.
Ustoz, sizdek qalb sohibi
Bu dunyoda kamdir, derlar.
Zahro Hasanova
Sogʻinch
(Taniqli bolalar shoiri Abdurahmon Akbarni eslab)
Gohi-gohi uchrashar edik,
Qirda koʻrsang koʻngil toʻq, derlar.
Bu joylarda adashim yotar,
Qadrdondir endi bu yerlar.
Soʻzomollik qila olmayman,
Hanuz mening kuymoqda boʻgʻzim.
Sheʼrlaringda qoldi ovozing,
Jannatlarga munosib doʻstim.
Abdurahmon Joʻra
“Oftob”[1]li bobo
Hakim Nazir “Oftob” bobo,
Bizga yozgan kitob bobo.
Har betida talay maʼno
Sochib turar dilga ziyo.
Turfa xilda nom, otlari –
Toʻngʻich “Lochin qanotlari”,
Yana biri “Chiranma gʻoz...”
Maqtanchoqlik yomon – bu rost!
Oʻqiysan-da oʻyga tolib,
Yaxshi boʻlsang mudom gʻolib.
“Qishloqdagi jiyanlarim”,
“Tohir-Zuhra” bari-bari
Doim yaqin erur dilga,
Bizni solgan toʻgʻri yoʻlga.
Hakim Nazir yozgan kitob –
“Oʻqi!” deya qilar xitob.
Oftob misol yashnab turar,
Ezgulikka boshlab turar.
Fidoyijon
Yaxshi insonning qalbi halim boʻlar,
Yuragi keng, lutflari solm boʻlar.
Chehrasida yogʻdu misol nurlar kular,
Oʻzi poʻlat, soʻzi moʻmin edi doim,
Shogirdlarga oʻgitlari xoʻp muloyim.
Saksonda ham qoʻllarida tolmay qalam,
Satrlarni oq qogʻozga bitdi bardam.
Odamlarga boqar edi koʻp muloyim,
“Ustozlar”i madhiyadek yangrar mudom,
“Shifokorlar” shifokorga olqish – ilhom.
Qoʻshiqlarda qalbi sayrar bulbuldayin,
Umr mangu, tirik qoldi bu gap tayin.
Yaxshilarning xizmatida edi qoim,
Yaxshilikka bagʻrin ochgan edi doim.
Ashʼorlari el mehrini qozongandi,
Poʻlat Moʻmin Toshkentimning chin farzandi.
Shirinsuxan, shirinzabon edi doim,
Shu Vatanga fidoyijon edi doim.
Temur Ubaydullo
[1] Ҳаким Назир Офтоб кўчасида яшаган.