- Rukn: Sheʼrlar
- 393 marta ko‘rilgan
Surxon qo‘shig‘i
Hazrat Sulton cho‘qqisida erigan qor,
Termiziyning ziyoratin qilar bajo.
Ikki tog‘ning orasida bir osmon bor,
Ko‘kragimni to‘ldirgandir o‘shal havo.
Bobotog‘dan Boysuntoqqa uchar lochin:
Mening mangu hayratimsan, Surxondaryo.
Baqtriya, qadim Kushon, Chag‘oniyon,
Teshiktoshda bobo tarix tarix tuzgan.
Qirq ming yillik mangu xabar — Zarautsoy,
Unda mening suratim bor, bobom chizgan.
Budda kabi jim o‘ltirar ko‘hna qirlar,
Mening bitmas hikmatimsan, Surxondaryo.
Singillarning tilagiday hur jilg‘alar,
Do‘mbiraning o‘rkach soyday nolalari.
Beshik kabi chayqalganda ne asrlar,
Tug‘iladi Alpomishning bolalari.
Oybarchinning isirg‘asi — ko‘ksimda or,
Ellar aro izzatimsan, Surxondaryo.
Kungay betda So‘fiy Olloyor duo etsa,
Kaftlarida kapalakdan burgut do‘nar.
Gar cho‘poni bir dam xayol qilib qolsa,
Tayog‘idan zo‘r Sayrobi chinor unar.
Zamin alqab, bag‘rin ochib turgan samo,
Yomg‘irdayin rahmatimsan, Surxondaryo.
Zamonlarning gunohini yuvgan daryo.
Pirlar kabi tunlar xayol surgan daryo.
O‘zanini ezgulikka burgan daryo.
Sohilida tarix o‘tov qurgan daryo.
Har epkini bitta shoir bergan daryo.
Hayratimsan, shiddatimsan, hikmatimsan,
Har satrimda sharqiraysan, Surxondaryo,
Janub yoqdan yarqiraysan, Surxondaryo.
Shodmonqul SALOM