- Rukn: Sheʼrlar
- 331 marta ko‘rilgan
Temurxon
Shafaq bo‘lolmagan bulut armoniday,
Ko‘kragimda tushovlangan bir ot yelar.
Mangulikning tojdan baland farmonidan
Shamshir yutib yuboradi sarkardalar.
Men turkiyga bir o‘g‘illik da’vo etsam,
Kechmishlarim ko‘ringaydir kamolimdan.
Muzofotlar uyg‘onmoqda Temurxonning
Bayrog‘ining hilpiragan shamolidan.
Kim moziyning sahifasin sayqal etar,
Kim boqiylik san’atidan yuzin burgan.
Lek Temurxon chinor erur, ildizlari
Yer sharining naryog‘idan chiqib turgan.
Navoiydan, shoh Boburdan saboq olib,
Bosh ko‘tarsa qalbingizning nolalari.
Ta’zim aylang, ul azizlar Temur tog‘in
Yon bag‘ridan unib chiqqan lolalari.
Ovro‘poni tasbehdayin qo‘lda tizib,
Sharq quyoshin tig‘larida tug‘ qadagan.
Yildirimday o‘tayotgan har naslga
Bobo Kulol kaftlaridan duo olgan.
Shul boboga bir o‘g‘illik da’vo etsam,
Na saflarga, na sarhadga arzir tilak.
Sarkardalar o‘lmaydilar, nomus mangu,
Unga faqat yaxshi navkar bo‘lish kerak.
Shodmonqul SALOM