- Rukn: Sheʼrlar
- 607 marta ko‘rilgan
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 10-maktabning ijodkor yoshlarining she’riy mashqlari
Bedanam
Ertalabdan uyg‘otar
Bedanamning ovozi.
Ovozidan tong otar
Bo‘lganday undan rozi.
Maktabimga doimo
Kechikmasdan boraman.
Bedanam borligidan
Mag‘rur bo‘lib yuraman.
Sayravergin bedanam,
To‘xtab qolma hech qachon.
Ovozing jarangidan
Yangrasin jumla jahon.
Namoz Eshpo‘latov,
7-sinf
***
Singlim
Qo‘g‘irchog‘in o‘ynaydi singlim,
Sochlarini taraydi singlim.
Yuvintirib, kiyintirar u,
Bundan rosa yayraydi ko‘nglim.
U oyimga havas qiladi,
Qo‘g‘irchoqqa mehrin beradi.
Shak-shubhasiz, ona bo‘lganda
Bolalarin jondan suyadi.
Laylo Ziyoqulova,
5-sinf
***
Yeb qoʻydi
Qo‘zichog‘im qo‘zichoq,
Irg‘ishlar shodon, quvnoq.
Uni yaxshi ko‘raman,
Birga o‘ynab yuraman.
Mehrim toshib qay kuni,
Sovg‘a qilsam guldasta.
Qo‘zichoqqinam uni
Yeb qo‘ydi-ya birpasda.
***
Joʻjalar
– Jo‘jalar, hoy jo‘jalar,
Chirqillamang bunchalar.
Onamiz yo‘q, demangiz,
Sira ham g‘am yemangiz.
Yoningizda men borman,
Do‘st bo‘lishga tayyorman.
Beraman sizga suv, don
Hamda mehr begumon.
Asila Aliboyeva,
5-sinf
***
Kalamush
Ey kalamush, kalamush,
Keltiribsan ko‘p tashvish.
Kovushim kemiribsan,
Tekin yeb semiribsan.
Nafsing bo‘lgan-chun o‘pqon,
Jazongni bersin qopqon.
Xonsuluv Jo‘raboyeva,
5-sinf