- Rukn: Sheʼrlar
- 449 marta ko‘rilgan
Oqsaroy
Buyuk xalq qudratin aylab bashorat,
Yuksalib turibsan mag‘rur, Oqsaroy.
Amir Temur bobom qurgan imorat,
Dunyoda yo‘q sendan ulug‘roq saroy.
Derlar, suluv qizning dushmani husn,
Yaxshi ham, yomon ham boqadi hayron.
Sendagi go‘zallik, sendagi fusun
G‘animlar ko‘nglini aylagan vayron.
Gumbazlari moviy, qubbalari zar,
Mash’aldek porlagan nur, mayoq saroy.
Koshinlari oltin, lojuvard, gavhar,
Har mahalda shahar, hammayoq saroy.
Karvonga ergashib boradi karvon,
Zamon Amir Temur izidan yurdi.
Sohibqiron kabi bunyodkor sarbon
Yurtda Temurbeklar maktabin qurdi.
Amir Temur qaytdi saroyga yana
Yurt so‘rab turibdi ulug‘ hukmdor.
Elchilar, davlatlar qutlashar ana,
Avlodlar ko‘nglida faxri iftixor.
Qayg‘u-yu quvonchda elga begumon,
Sheriksan, zamonlar toji Oqsaroy.
Yurakni tog‘ qilgan, bag‘irni osmon
Shu Vatan , shu el-yurt, shu tuproq – saroy!
Hamon xalq qudratin aylab bashorat,
Yuksalib turibsan mag‘rur, Oqsaroy.
Adolatni shior qilgan imorat,
Dunyoda yo‘q sendan ulug‘roq saroy.
Rustam MUSURMON