- Rukn: Sheʼrlar
- 500 marta ko‘rilgan
Unutmas meni bog‘im
Ilhom
Yangi bir she’rni tugatgan edim,
Ikkinchisi kelib, eshikni qoqdi.
Ilhom deganlari shu bo‘lsa kerak,
Misralar qalbimga sel bo‘lib oqdi.
She’r boshlab keladi sonsiz she’rlarni,
Turnalar uchganday bahor paytida.
Ilhom uchib kelar bol arisidek,
Xuddi bol yotgandek shoir baytida.
Menga quvvat berar, hayot bag‘ishlar,
Bu jo‘shqin she’riyat, bu tug‘yon, bu sel.
Baxtiyor bo‘lardim she’rimdan agar
Ozgina bo‘lsa ham bahra olsa el!
***
Tomchi
She’ring kichik, o‘qib qonmadim, –
Deding: “Tomchi chanqoqni bosmas”,
So‘zing xato, gap hajmdamas,
Kichik bo‘lur oltin-u olmos.
Tomchilardan yaralar dengiz,
Atom kuchi tomchiga yo‘ldosh.
Tomchilarning ma’nosi tengsiz,
Bir tomchida aks etar quyosh.
***
Anhor
Bir nafas ham fursati yo‘qday,
Huzurimdan otilgan o‘qday.
Oqib o‘tar to‘xtamay anhor,
Ha, anhorning zarur ishi bor!
Tashnalikni yo‘qotib, yengib,
Tuproqlarga qon bo‘lib singib,
Chaman bo‘lib ochilar anhor,
Meva bo‘lib sochilar anhor.
Istar edim anhor bo‘lishni,
Saxovatga lim-lim to‘lishni,
Yerga singib gul bo‘lib unsam,
Shabnam bo‘lib barglarga qo‘nsam!
***
Haykaltarosh
Yerda yotgan oddiy tosh edi,
Haykaltarosh qo‘li tekkuncha.
Nihon edi toshda go‘zallik
Haykaltarosh yo‘nib, chekkuncha.
Dag‘al toshdan nozik va go‘zal
Yulduzlarlarni paydo qildi u.
Go‘zallikka toshdan yaralgan,
Insonlarni shaydo qildi u.
Idrok daho, inson kuchiga
Hech bir narsa bera olmas dosh.
Haykaltarosh qo‘li tekkanda,
San’atga aylanur oddiy tosh.
UYG‘UN