- Rukn: Sheʼrlar
- 984 marta ko‘rilgan
“Uchqun” adabiy toʻgaragi qatnashchilari mashqlaridan
Buxoro qadimdan buyuk allomalar beshigi boʻlib kelgan. Bugungi kunda ham bu maskanda teran fikri, oʻziga xos ijodi bilan adabiyot olamiga kirib kelayotgan yoshlar talaygina. Vobkent tumanida faoliyat koʻrsatayotgan “Uchqun” adabiy toʻgaragi qatnashchilari ana shunday isteʼdod egalari. Zomin seminari ishtirokchisi, yosh shoir Suhrob Hamroyev besh yildirki, toʻgarakka rahbarlik qilmoqda.
Quyida ustoz-shogirdlar ijodidan namunalar oʻqiysiz.
Bitmay qolgan sheʼrimga
Garchi yurak dardi ogʻir,
Davo izlab chopmaganman.
Bitmay qolgan sheʼrim, kechir,
Senga oʻrin topmaganman.
Bitmagan sheʼr – menday gʻarib,
Taʼma suvin ichmagandir.
Bitib-netib, oʻzdan ketib,
Tamom oʻzdan kechmagandir.
Bitmay qolgan sheʼrim goʻzal,
Ashʼorimning sarasi-da!
U ruhimga berar sayqal
Ikki dunyom orasida.
Bitgani shu: koʻrsam jabr,
Imtihonga yoʻyib keldim.
Bandasini – aylab sabr –
Oʻz holiga qoʻyib keldim...
Haqqa ayon xos sheʼrimni
Xalqqa bir kun yetkazaman.
Bitmay qolgan rost sheʼrimni
Nasib etsa bitkazaman!
Suxrob Hamroyev
Kuz
Turnalar eslatar bolaligimni,
Mening-chun ucharlar solib argʻimchoq.
Shamollar – devona, izlaydi kimni?
Yomgʻirlar toʻkilar misoli munchoq.
Yoʻllarda miltirar siniq koʻlmaklar,
Oʻtar koʻz oʻngimdan umrim, yil, asr...
Qadamlar oʻtmoqda, tugar ertaklar,
Naqadar tilsimli bu ajib fasl?!
Ufqlarga tutash dalalar sokin,
Bagʻrida diyorim oppoq jamoli.
Ona xalqim mehnat qilar olmay tin,
Dehqon timsolida yurtim iqboli.
Sevinch JOʻRAQULOVA,
9-sinf oʻquvchisi
Orzu
“Kuf-suf” desang, paydo boʻlsa sheʼr,
Oʻqisang-u, qayta tugʻilsang,
Chap koʻksingda oʻkirsa bir sher,
Botirlikka mangu yoʻgʻrilsang...
Qoʻngʻiroqday yangrasa soʻzing,
Shunda seni rom etsa ohang...
Goh ishonmay oʻzingga oʻzing
Tushimmi yo oʻngimmi, desang!
Koʻkda sayr qilsang xayolan,
Uchargilam yasab bulutdan.
Parvoz etib tobora baland,
Oʻtib ketsang lochin, burgutdan.
Chiza olsang baxtning suratin,
Yuragingni yoritsa ziyo.
Totib koʻrsang yashash lazzatin
Va maʼnoli tuyulsa dunyo!..
“Kuf-suf” desang...
Jasurbek ESANOV, talaba