- Rukn: Sheʼrlar
- 1094 marta ko‘rilgan
Yolgʻiz kuchuk
Agniya Barto
(Rossiya)
(1906–1981)
Yolgʻiz edi bechora kuchuk,
Ne qilarin bilmayin sarson.
Sangʻib yurar bekorchilikdan,
Soʻramaydi holin bir inson.
Va nihoyat oʻsha kuchukcha
Qaror qildi: izlab topishga.
Oʻziga bir munosib sohib,
Yurmaydi-ku bir umr sangʻib.
Zotdor itlar darvozalardan
Chiqqanida har tong gerdayib.
U bechora kutib kimnidir,
Boʻynin qisib turar mungʻayib.
Boshqalarning bor xoʻjayini,
Uning esa yoʻqdir egasi.
Birov ega chiqsa qaniydi,
Oftob koʻrsa zora yelkasi.
Xiyobonda odamlar bilan
Kelar sayr qilib yurgisi.
Suykalanib oyoqlariga
Ortlaridan erchib borgisi.
Xoʻjayinin olqishlab, dumin
Likillatar xayollarida.
Oʻtgan-ketgan ortidan chopib,
Ergashadi ha, yonlarida.
“Nega buncha bezovtasan?!” deb
Kimdir koʻnglin soʻrasa qani!
Bolalikdan boʻsh bir hovlida
Yo aybimi yolgʻiz qolgani?!
Odamlarning tashvishlari koʻp,
Eʼtibor ham bermaydi shoshib.
Oʻtib borar ana oʻquvchi,
Boqmas unga oʻzidan oshib.
Uzun boʻyli ikki bolakay
Oʻtar unga parvoipalak.
Yoʻl chetida borar yugurib,
Kuchuk xafa, bezovta, halak.
Ketib borar aravachada,
Bir bolakay ochilib gul-gul,
Kuchukchani u olar, qayda,
Uxlash bilan kichkintoy mashgʻul.
Bir qizaloq oʻtar yugurib,
Nimadir bor unda boʻlakcha.
Orqasidan chopadi kuchuk,
Kirib ketar qizcha yoʻlakka.
Chopa-chopa charchadi shoʻrlik,
Ergashdi bir cholning ketidan.
Chol eʼtibor bermadi afsus,
Ishlari koʻp edi aftidan.
Xafa boʻlib ketdi shunchalar,
Alam bilan yugurdi ulib:
– Men yolgʻizman, topolmayapman,
Ega topsam, zora baxt kulib.
Ha, moʻjiza roʻy berdi shunda,
Paydo boʻlib osmonmi, yerdan.
Kuchukchani Katya ismli
Payqab qoldi ikki qiz birdan.
Biri chorlar uzoqdan turib:
– Kel, oʻzimning “ahmoqqinam”, – deb.
Yana biri imlar qoʻl siltab
Va erkalar “pahmoqqinam”, deb.
– Oʻzim bilan olib ketay, – der,
– Boʻlmasang sen buncha yoqimtoy.
Ikkinchisi:
– Jingalakkinam,
Toʻshab beray, – deydi, – issiq joy.
Kuchukchaning koʻzlari chaqnar,
Hidlab koʻrar qizlarni bir-bir.
Birdaniga ikki xoʻjayin,
Qanday omad, quvonchli taqdir!
Rus tilidan Ravshan ISOQOV tarjimasi