- Rukn: Sheʼrlar
- 1214 marta ko‘rilgan
Misralar qalbimda sel boʻlib oqdi
Biz oʻz ijodlari bilan oʻzbek sheʼriyati rivojiga munosib hissa qoʻshgan betakror shoirlarimiz Gʻayratiy, Mirtemir, Sulton Akbariy, Uygʻun, Aziz Abdurazzoq, Turob Toʻla asarlarini izlab juda koʻp kutubxonalarga murojaat qildik. Maqsadimiz, bugungi kun kitobxonini ham oʻsha inja sheʼriyat bilan tanishtirish, ustozlar ruhini shod etish, adabiyot oʻqituvchilariga koʻmaklashish edi. Ming afsus, ularni topish juda qiyin boʻldi.
Xayriyat, ezgu ishda “Turon” kutubxonasi bizga koʻmakdosh boʻldi. Kelgusi sonlarda ham ustoz ijodkorlarning ancha avval yozilgan, ammo bugungi kun oʻquvchisiga ham hayrat bagʻishlaydigan, ohorini yoʻqotmagan, magʻzi toʻq ijodlaridan namunalar berib boramiz.
Ilhom
Yangi bir sheʼrni tugatgan edim,
Ikkinchisi kelib eshikni qoqdi.
Ilhom deganlari shu boʻlsa kerak,
Misralar qalbimda sel boʻlib oqdi.
Sheʼr boshlab kelar sonsiz sheʼrni,
Turnalar uchganday bahor paytida.
Ilhom uchib kelar bolarisidek,
Xuddi bol yotgandek, shoir baytida.
Menga quvvat berar, hayot bagʻishlar,
Bu joʻshqin sheʼriyat, bu tugʻyon, bu sel.
Baxtiyor boʻlardim sheʼrimdan agar
Ozgina boʻlsa ham bahra olsa el!
Anhor
Bir nafas ham fursati yoʻqday,
Huzurimdan otilgan oʻqday.
Uchib oʻtar toʻxtamay anhor,
Ha, anhorning zarur ishi bor!
Tashnalikni yoʻqotib yengil,
Tuproqlarga qon boʻlib singib,
Chaman boʻlib ochilar anhor,
Meva boʻlib sochilar anhor.
Istar edim anhor boʻlishni,
Saxovatga lim-lim toʻlishni.
Yerga singib gul boʻlib unsam,
Shabnam boʻlib barglarga qoʻnsam.
Haykaltarosh
Yerda yotgan oddiy tosh edi
Haykaltarosh qoʻli tekkuncha.
Nihon edi toshda goʻzallik
Haykaltarosh yoʻnib, chekkuncha.
Dagʻal toshdan nozik va goʻzal
Veneralar paydo qildi u.
Goʻzallikka toshdan yaratgan
Insonlarni shaydo qildi u.
Idrok, daho, inson kuchiga
Hech bir narsa bera olmas dosh.
Haykaltarosh qoʻli tekkanda
Sanʼatga aylanur oddiy tosh.
Non
Oʻgʻlim, nonni yerga tashlama,
Hurmati zoʻr, qadri zoʻr nonning.
Zamirida togʻdek beqiyos
Mehnati bor bobo dehqonning.
Shu bir burda non zamirida
Qancha mehnat, qancha hayajon.
Qalb oʻtida pishar, dehqonning –
Teri bilan yoʻgʻrilgan bu non.
Oʻgʻlim, nonni yerga tashlama!
Tashlangan non koʻzni koʻr qilur.
Yerda yotgan nonni koʻtarsang,
Martabangni baland, zoʻr qilur.
Uygʻun