- Rukn: Sheʼrlar
- 1819 marta ko‘rilgan
Vatan qadri
Chashma qoshida tiniq suv
Qadrini bilmas kishi,
Sayr etib gulshanda gulni
Ko‘ziga ilmas kishi.
Vah, bu ne g‘aflatki inson –
Ko‘ksida tutmish vatan,
Kim vatan ichra vatanning
Shukrini qilmas kishi.
Yurt nedir, yurt dog‘i nedir,
Yurtdan ayrilgan bilar,
Anglaguvchi yurt firoqin
Yurtda topilmas kishi.
Ey, vatandoshim, eshit
Bobur-u, Furqat nolasin,
Besabab anduh tig‘ida
Bag‘rini tilmas kishi.
Bilma, farzandim, vatan hajrini,
Lek qadrini bil –
Kim vatan qadrini bilmas,
Angla, komilmas kishi.
Erkin Vohidov,
Oʻzbekiston xalq shoiri