Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Vatan qasidasi

Olqish, ey mehribon qattiqqo‘l hayot,

Zalvoring yelkamga ortganing uchun!

Hayratda qoldirib yosh qalbni bot-bot,

Sehr-la bag‘ringga tortganing uchun!

Mening ona yurtim O‘zbekistondir,

Shu yerda tingladim bulbul kuyini.

Shu yerda angladim ilk bor qachondir

Nonning mazasini, gulning bo‘yini!

Sanoqda turibdi yetmish besh bahor,

Rang-barang yillarning otashnok yozi.

Hamon hayot mehri qalbda ustuvor,

Hamon to‘lib-toshar ko‘ngilning rozi!

Ey, Hayot! Olamday sirli va suyuk,

Sen doim g‘olibsan jangi mamotda.

 

Ilmning yo‘llari emasdir oson,

Gul deb tutganingning bo‘lur tikani.

O‘zbekning dong‘ini etmoqda doston,

Xorazmiy shuhrati, Ulug‘bek sha’ni!

Hayotning ko‘rkidir, do‘stlar, ilm-u she’r,

Dunyoga bergusiz injiqligi bor.

“Menga borlig‘ingni baxshida et!” – der,

“Men butun umringga, – deydi, – talabgor!”

Rivoj toparmidi ulum-u funun,

Zavq ayon etmasa o‘zdan kechib mard!

Ulkan Oy sirini bilmoqlik uchun,

Eng kichik zarrani topmoq bo‘ldi shart!

Ey, Ilm! Olamday sirli va suyuk,

Olamning o‘zi ham sen-la obod-da!

***

Vatan qirlarida balqigan chiroy,

Tiriklik, umrning quti, ne’mati,

Obod yurt, bog‘-u rog‘, ne-ne uy, saroy,

Sening himmatingdir, Inson mehnati!

Olovday gul yonib tursa qish-qorda,

Bog‘bonga sanolar o‘qilmog‘i rost.

Maqtovlar na darkor, ona diyorda,

Biz halol ter to‘kdik, ishladik, xolos.

Bir parcha nonini halollab yegan,

Xalqimning ko‘kragi ko‘kdan balandroq!

Deydilar: “Yaxshidan bog‘ qolar ekan...”,

Bizlardan bog‘ qolgan... Bizdan qolur bog‘!

Ey, Mehnat! Olamday sirli va suyuk,

Sen – kimyo, sen – iksir, sen – asl modda!

Sen mehr qadarli yuksak va buyuk,

Mehrday diltortar, mehrday sodda...

***

Tog‘larni chorlaydi obirang falak,

O‘sib tog‘ bo‘lmoqqa intiq adirlar.

Hatto umri qisqa jajji kapalak,

Dilida bir dunyo orzu qadrlar.

Qirda unib chiqqan bir dona lola,

Nomdor chamanlarni qilmaydi pisand.

Chopqillab to‘p tepib yurgan yosh bola,

Shu topda yurt ochgan Kolumbdan baland!

Kampirsho yuz bilan yuz ko‘rishgali,

Shaylanib turadi, orzuga ayb yo‘q:

“Anuv chevaramni uylayman hali,

Bolasin boqaman!” – deya ko‘ngli to‘q...

Ey, Orzu! Olamday sirli va suyuk,

Sen to‘xtam bilmassan ko‘hna rabotda...

 

Muhammad Ali,

O‘zbekiston xalq yozuvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.