- Rukn: Sheʼrlar
- 1809 marta ko‘rilgan
Yana yuz ochmoqda yurtim bahori
Yurtim bahori
Xush ifor taralar qir, adirlardan,
Dalalar bag‘ridan... barqut yerlardan...
Dilni ogoh etib ajib sirlardan,
Yana yuz ochmoqda yurtim bahori...
Bog‘larda boshlanar go‘zallik bahsi,
Rayhonlar shiviri, lolalar raqsi...
Ko‘lda oy, yulduzlar, nihollar aksi...
Yana yuz ochmoqda yurtim bahori...
Majnuntol, jiydadan taqishar sirg‘a,
Jildirab oqadi sohilga jilg‘a...
Yalpizlar, maysalar qiladi jilva,
Yana yuz ochmoqda yurtim bahori...
Yana dilni tortar qushlar navosi,
Binafsha imosi, jasmin ibosi...
Yuzlarga urilar tonglar sabosi,
Yana yuz ochmoqda yurtim bahori...
O, yam-yashil, ko‘rkam hayot uyg‘onar,
Olamni kuylovchi ijod uyg‘onar,
Ezgulik uyg‘onar, murod uyg‘onar,
Yana yuz ochmoqda yurtim bahori...
Puch yong‘oq
Bir hovuch yong‘oq tutdi
Bizlarga bir otaxon.
Tanlagan go‘yo yutdi –
Bittadan olib shodon.
Yong‘oqlar dum-dumaloq,
Bir xilda: silliq edi.
Hatto men olgan yong‘oq –
Po‘stlog‘i bo‘liq edi...
Yemoqchi bo‘lib mag‘zin,
Har kim yong‘og‘in chaqdi.
Lek ochiq qoldi og‘zim,
Chunki menda puch chiqdi...
Bilmaysiz, do‘stdan ham goh –
Sinovda qalb qaqshaydi.
U ichin etmas ogoh –
Puch yong‘oqqa o‘xshaydi.
Chumolijon
Mehnatingga qoyil qolaman,
G‘ayratingdan o‘rnak olaman.
Sendek ixcham, epchil bo‘laman,
Nimjon emas, bo‘laman chaqqon,
Chumolijon, ey, chumolijon!
Aslida sen jonzot qiroli –
Tinmaysan hech dehqon misoli.
Do‘stlashaylik, kel, ey chumoli,
Menga yoqib qolding sen chunon,
Chumolijon, ey, chumolijon!
Qachon ko‘rsam, ahil-u inoq,
Hashar qilib yasharlar har choq.
Odamlarga o‘xshaydi ko‘proq,
Goh kuzatib, goh kutar mehmon –
Chumolijon, ey, chumolijon!
Murod Rahmon,
70 yosh