- Rukn: Sheʼrlar
- 1839 marta ko‘rilgan
Iqbol-chi, bo‘lmoqchi furbolchi
Taniqli bolalar shoiri Erkin Qambar Namanganda yashab ijod qiladi. U “Gulxan”ning eng faol targ‘ibotchisi, jonkuyar ijodkori. Shoirning “Tegirmonchi”, “Oftobjonning erkasi”, “Yig‘loqi bulut” kabi qator kitoblari allaqachon kitob javoningizdan joy olgan. Yaqindagina”Sharq” nashriyotida chop etilgan “Iqbol-chi, bo‘lmoqchi furbolchi” deb nomlangan ushbu kitobda ijodkorning yangi she’rlari jamlangan. Ular sizga zavq beribgina qolmay, o‘ylashga, fikrlashga o‘rgatadi.
Xo‘rozlar
Bir-biriga
Qilib araz
Urishadi
Ikki xo‘roz.
Yelka bilan
Nuqishadi,
Irg‘ishlashib
Cho‘qishadi.
Tushgan kabi
Ko‘kdan xatlar,
Har tomonga
Uchar patlar.
Jon olishib
Berishar jon.
Ko‘zlar shilpiq,
Og‘izlar qon.
Xo‘rozlarning
Urishini,
Hurpayishib
Turishini,
Olishganda
Sher va G‘iyos,
Men ularga
Qildim qiyos.
Asli ikkov
Edi ahil,
Orasidan
O‘tmasdi qil.
Endilikda
Deb: “san”-u “man”,
Bir-biriga
Bo‘ldi dushman.
Dam yoqadan
Ushlashadi,
Ayamasdan
Mushtlashadi.
Ikkisi ham
Yoqavayron,
Qarab turib
Bo‘ldim hayron.
Vaqt o‘tkazmay
Borib shu kez,
“Urishmang”, deb
Ajratdim tez.
Yarashtirib
Bir-birini,
Bilmoq bo‘ldim
“Jang” sirini.
G‘iyos tajang
Ming‘illab der:
– Yorib qo‘ydi
Sharimni Sher.
Shu payt Sher ham
Tez so‘z qotdi:
– Kechir, desam,
U tosh otdi.
Ayting-chi,
Bir shar uchun
Sinash shartmi
Bilak kuchin?
Urushqoqlik
Yomon odat,
Keltirmaydi
Baxt-saodat.
Hech kim uni
Demas yaxshi.
Do‘st, ahillik
Hayot naqshi.