Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yurting nonday aziz tut

Beshik

 

Qunduzga daryo beshik,

Arslonga-chi o‘rmoni.

Oqqushlarga moviy ko‘l,

Oy, yulduzga osmoni.

Burgutlarga balandlik,

Yuksak tog‘ning qoyasi.

Fanni quchgan olimga

Alifbening ziyosi.

Zamin tog‘-u dengizni

Ardoqlaydi ko‘ksida.

Tog‘da ohu ulg‘ayar,

Beshik bo‘lgani shu-da!

Qo‘shiqqa xonanda-yu,

Yana tanburning kuyi.

Insonga yurti beshik,

Ilk bor ko‘z ochgan uyi...

“Kim beshigin tark etsa,

Umri qayg‘uda, bo‘tam.

Yurting nonday aziz tut”,

Deydilar har gal bobom!

 

Ko‘pkari

 

O‘rtada katta maydon,

Sof bedovlar jamuljam.

Jiyron toyimni minib

Tomosha qildim men ham.

Bobom bunda bakovul,

Ko‘krak ochiq yelvagay.

Uloqni yerga tashlab:

– Qoch, – der, – bosar, bolakay!

Otlar botgan ko‘pikka,

Burnidan bug‘ burqirar.

Tuyoqdan chaqin chaqib

Kenglik sari intilar.

Chetgir otlar shamoldek

Yon-atrofidan o‘tar.

To‘rt poychani qirq kishi

O‘ziga qarab tortar...

Payt poylab qorabayir

Shamoldek yelib ketdi,

Ustidagi pahlavon

Uloqni ilib ketdi...

 

O‘roq SAID

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.