Azim Buxoro
Yurtim jamolining bir boʻlagidir,
Koʻhna va boqiydir bu azim shahar.
Qadim binolar-u minor, qalʼalar
Soʻzlaydi tarixni, quloq tutsang gar.
Asrlar zarbiga soʻnmay dosh bergan
Togʻday buyukliging qayda yashirin?!
Koʻm-koʻk samodami yo shu tuproqda?
Loldirman, izlayman bilolmay sirin.
Balki Ibn Sino tergan giyohda,
Balki al-Buxoriy yozgan varaqda
Farobiy qilichi yoki Naqshband
Islomdan yaratgan nur-oftobida?
Tomosha qilaman koʻrkam shahrimni,
Kezaman qumbazlar, qasrlar aro.
Tarix osmonida oʻchmas yulduzsan,
Daholar yurtisan, azim Buxoro!
Ey, aziz Buxoro, azim shaharsan,
Chinorday azimsan, teran, baquvvat
Ildizing tarixday chuqur va yoʻgʻon.
Buyuk shahardirsan, soʻnmaysan hech vaqt,
Sahro ichidagi kichik tarixsan.
Oʻtmish sahrosidan buyuk bir karvon.
Vatan ichidagi kichik Vatansan!
Buyuk noming dildan oʻchmas hech qachon!
Nazarbek XOLLIYEV,
Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi
15-maktabning 8-sinf oʻquvchisi