“Bo‘lmang bunchalar bebosh”
Qaltis o‘yin
Ko‘kda qora bulutlar
O‘ynashar quvlashmachoq.
Kalla solib bir-birin
Burnini qilar pachoq.
Chetdan boqib ohista,
Nasihat qilar quyosh:
– Bu axir qaltis o‘yin,
Bo‘lmang bunchalar bebosh.
Yig‘lasangiz, yomg‘irga
To‘lib ketar hammayoq.
Dehqonlarni ranjitmang,
Yerni qilib qatqaloq.
G‘aroyib gol
Javlonni ko‘rdingizmi,
Peshonasi do‘ng, g‘urra.
Shundanmi, shishib ketgan
Deysiz naq ko‘m-ko‘k g‘o‘ra.
Sababi, u tushida
O‘ynabdi rosa futbol.
Hatto g‘olib bo‘libdi
Boshi bilan urib gol.
Dutorning jazosi
Chalmoq istab dutorni
Qo‘lga olgandi Jo‘ra,
Ovozlari tiringlar
Soz-chi, gap uqmas sira.
Jahli chiqib Jo‘ravoy
Osiltirib qovog‘in,
Rosa boplab buradi
“Gunohkor”ning qulog‘in.
Zulfira NO‘MONOVA,
TDO‘TAU talabasi