Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qishning bir kuni

Qish oxirlab olamga bahor iymanibgina mo‘ralayotgan bir paytda, sahargi shirin uyqusidan arang ko‘z ochayotgan kishi singari zamin uyg‘onmoqda. Qish ham hali hisobidagi kunlar oxiriga yetmagani va’jidan taxtda hokim kimligini bildirmoq uchun qovog‘ini soldi va bulutlarga amr etdi: “Qani yog‘ing, yog‘ganda ham oppoq qor elang. Aslo bo‘sh kelmang, hali bahor kelmog‘iga fursat bor. Dangasalik qilmay, har kim o‘z ishini bajarsin!”

Birdan mayin shabada izg‘iringa aylanib, hamma issiq po‘stinga o‘randi. Pechga o‘tin qalanib, javonda zerikkan qo‘lqop-u sharflar, soyabonlar ishga tushdi. Bahor ostonasidagi qishning so‘nggi kunlarida zamin oppoq qorga burkandi. Kechgacha tinmadi o‘ziyam. Ko‘lmaklar yuzi muzlab, tomlarda sumalaklar yaraqladi. Tabiatning erka bolalari – qushlar hayron – “Nega Qish boboning qahri keldi ekan?!”. Panalarda patlariga burkanib o‘zaro chug‘urlashdi. “Axir, shu ham qish bo‘ldimi?!” dedik barchamiz. “Hassasini yerga urib, qovog‘ini uyib turguvchi Qish bobo muloyim bo‘p qolibdi”, deb o‘yladi hamma. Ammo, qishning kuni qirq turli degan naql bor.

Azim daraxt shoxlariga qo‘ngan qorparchalar zaifgina quyosh nurlariga yon bergisi kelmay chiranadilar. Qorni sog‘ingan archalar esa azaliy hamrohi bo‘lgan momiq do‘stlarini qo‘yib yuborgisi kelmay mahkam quchib olgan.

Erta-indin baribir oftob zaminni ilitadi. Omonat ilinib turgan sumalaklar eriydi, qurt-qumursqalar jonlanib qoladi, ko‘kda varraklar qushlar bilan birga qanot yozadi. Ammo bobolarimiz qoldirgan boqiy bir hikmat yana o‘z so‘zini aytadi: “Qishning bir kuni ham qish!”.

 

Manzura PATTAYEVA,

Jizzax viloyati Zomin tumani

34-maktab 8-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.