Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Tong otishi qanday ajoyib”

Tong

Borliq zarrin nurga burkanar,

Qorong‘ulik bo‘ladi g‘oyib.

Uni hamma intiqib kutar,

Tong otishi qanday ajoyib!

 

Mayin shamol yelib-yugurib,

Ariqda suv shoshib oqadi.

Olam xushbo‘y iforga to‘lsa,

Tong otishi menga yoqadi.

 

Maysalarda titraydi shudring,

Daraxtlarning bargi shitirlar.

G‘arq bo‘ladi qush sayrog‘iga

Dala-dashtlar, qir-u adirlar.

 

Haligacha ko‘zin ocholmay,

Ukki esnar qanotin yoyib.

Dunyo juda ko‘rkam yuz ochsa,

Tong otishi qanday ajoyib!

 

Tun tashrifi

Ko‘zlarimda uyqu yo‘q,

Dil aylangan ummonga.

Chap ko‘ksimda parcha cho‘g‘

Parvoz qildim osmonga.

 

Hayajonda yonardim,

Ta’sirlanib eh, qancha.

Yulduzlarni sanardim,

Yotib olib chalqancha.

 

Qani “Katta ayiq”lar?

Qani Cho‘mich yulduzi?

Tasavvurda o‘yiqlar,

O‘ylar edim kunduzi.

 

Bulut bilan ko‘rishdik,

Mehmon qildi “choy” bilan.

Rosa suhbat qurishdik,

Tunda to‘lin oy bilan.

 

 

Foziljon HAYDAROV,

Farg‘ona harbiy-texnika akademik litseyi o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.