Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Quva tumanidagi 8-maktab oʻquvchilarining ijodiy ishlaridan

Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 8-maktabda adabiyotga havasmand bolalar ko‘p. Ular Nigora Jo‘rayeva rahbarlik qilayotgan to‘garakda ijod sirlarini o‘rganib,  o‘zlarini qiziqtirgan, hayajonga solgan mavzularda she’rlar mashq qilishyapti. Sizga ijodkor o‘quvchilarimiz yozgan she’rlardan yo‘llar ekanmiz, bu mashqlar jurnal mushtariylarini befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.

Ijodiy-ma’rifiy ishlar boyicha targ‘ibotchi Adham  SAMIYEV.

 

Orzu

Ertaklar malikasi,

Multfilmlar bekasi,

Malika Safiyaxon –

Telekanal erkasi.

Do‘stlari bilan inoq,

Doimo yurar quvnoq,

Hech yomonlik sezmaysiz,

Suhbatidan bezmaysiz.

Sayohatlar qilar u,

Ko‘p narsani bilar u,

Sinovlarni ham yengib,

Maqsadiga yetar u.

Qilmaydi ustamonlik,

Dilida to‘la poklik,

Unga hamroh bir shior:

“Gullab yashnasin diyor!”

Mittigina oq quyon

U bilan chopar har yon,

Qushlar sayrab parvona,

Qilar uni devona.

Deyman: shunday qiz bo‘lsam,

Ish qilsam – zavqqa to‘lsam,

Sira armon qilmasdim,

Yomonlik ne – bilmasdim.

 

Rayhona ABDUSATTOROVA,

6-sinf o‘quvchisi

Doʻkondagi voqea

To‘rt-besh yoshli qizaloq,

Dadasin qo‘lin ushlab,

Borishar do‘kon tomon,

Yonma-yon qadam tashlab.

Do‘konni aylanishib,

Olishdi tuxum, saryog‘.

So‘ng otasi qizchaga

Olib berdi  muzqaymoq.

Qizcha quvonib, shoshib,

Dadasin quchib o‘pdi.

Shoshilganidan bilmay

Xaridni bosib o‘tdi.

Eh, ko‘p tuxumlar sindi,

Afsus qildi, qizaloq.

Xatosini tushundi,

Bo‘lmas endi shoshqaloq.

 

Salohiddin MUXTOROV,

8-sinf o‘quvchisi

Bahor tonglari

Havo – toza, osmon – musaffo,

Juda mayin esadi sabo.

Suvlar – tiniq, bog‘lar – xushhavo,

Chunki bu tong – bahorning tongi.

Daraxtlar – yuz ochgan kelinchak,

Nish urib chiqibdi boychechak,

Tebranar ohista belanchak,

Chunki bu tong – bahorning tongi.

Gullar ochilibdi xilma-xil.

Ta’riflashga ojizdir bu til,

Tabiat ko‘rkidan yayrar dil,

Chunki bu tong – bahorning tongi.

Qip-qizil kosagul – alvon lolalar,

Varrak uchirishar shodon bolalar,

Yashil libos kiygan yaylov, dalalar,

Chunki bu tong – bahorning tongi.

          

Shukrona TOYIRJONOVA,

7-sinf o‘quvchisi

 

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.