Maktub
Ustoz!.. sizni qanday ulug‘lasam ekan – mehri ummon ustoz deymi, yo qadri baland, qalbi daryo ustoz desammikan?! Yoxud jonfido ustoz, buyugim deymi, yoki suyukli ustozim...Har biri sizga mos, sizga munosib, har birida mehringiz va mehnatingiz qorishiq, bardavom...
Yodingizdami, mehri ummonim, o‘rtoqlarim meni “g‘ilay” deb kamsitishganida, dunyo ko‘zimga qorong‘u ko‘rinib, o‘zimdan, barchadan qochib, qayoqqa borayotganimni ham bilmay yugurib ketayotganimda meni yoningizga chaqirib olganingiz, nima gapligini ham so‘ramay: “qora ko‘zim, yordaming kerak, mana shu o‘rtog‘ingning yozuviga hech tushunolmayapman, sen chiroyli yozasan va hammaning yozuvini yaxshi o‘qiy olasan, yordam ber”, – deya xonangizga olib borganingiz? Meni maqtab-maqtab sinfdoshlarimning men haqimda yozgan insholarini baland ovozda o‘qitganingiz, “voy, buni qara-ya, qancha sinfdoshing seni hurmat qilar ekan, sen bilan hamma faxrlanadi-ya, mening esa eng yaqin yordamchimsan”, – deya ruhan ko‘mak berganingiz, hayotga, o‘zimga bo‘lgan ishonchimni orttirganingiz!..
Qalbi daryoi azimim, eslaysizmi, qornim och holda bor pulimga oshxonadan atigi bittagina qovoq somsa olib chiqib ketayotganimda meni chaqirib, yoningizga o‘tkazib, maslahat so‘raganingiz, gap orasida ko‘p ovqat olib qo‘yganingizni aytib, yordamlashishimni iltimos qilganingiz, shu bahonada hatto shirinliklar bilan siylaganingiz...
Keyinchalik eshitsam, bir men emas, menga o‘xshagan ko‘ngli yarim bolalarning ko‘pchiligiga yordam bergan ekansiz. Maktabimiz bufetchisining, shu ustoz oyligini bolalarga sarflaydi-ya, deganini bot-bot eshitganman. Ammo, hech qachon so‘zingiz-u ko‘zingizda zarracha ta’ma, sha’ma va yoxud minnat sezmaganman, aziz ustozim... qadrdonim, yodingizdami, sinfdoshlarim bilan darsingizda sho‘xlik qilib, hazillashmoqchi bo‘lsak ham, sizni kuldirmoqchi bo‘lib o‘zimizcha latifalar aytib qolsak ham, bizni tushunib, biz bilan chin yurakdan xursand bo‘lib, “Bolajonlarim, hayotingiz doim quvonchga to‘liq, ilmingiz ziyoda bo‘lsin, bilim – buyuklik asosi”, – deb darsni boshlardingiz, sizni jon qulog‘imiz bilan tinglardik. Kimningdir so‘zi og‘ir botsa, yoningizga chopardik, hech qachon kimnidir yomonlashimizga yo‘l qo‘ymasdingiz, doim yaxshi tomonini aytib, bizni ham bir-birimizga do‘st-inoq bo‘lishimizda vositachi edingiz.
Menga ko‘rsatgan mehringiz qarzini qanday uzay, ustoz? Menga bergan ishonch, olam-olam quvonch qarzini-chi...? Yaponlarda ustozdan yetti qadam ortda yur, toki soyasi toptalmasin degan naql bor ekan. Bizda esa, ustoz ota kabi ulug‘lanadi. Ulug‘im, mehribonim, sizga aytar so‘zlarim bisyor, ammo tilim ojiz! Sizga boshim yerga tekkuncha ta’zim qilaman. Menga bergan mehringiz, bilimingiz, ishonchingizni mayoq qilib, porloq kelajak yaratishga bor kuch va g‘ayratimni sarflayman.
Siz aytgandek bo‘ladi bari,
Dunyolarni quchaman hali...
Faqat bo‘ling Siz sog‘-u omon,
Shogird ardog‘ida yashang bearmon!
Zuhra HALIMOVA,
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi
4-maktabning 11-sinf o‘quvchisi