Tabiat tomoshasi
Osmon tip-tiniq, samoda birorta ham bulut yo‘q. Faqat shamol u yoqdan bu yoqqa betinim yugurib ajoyib raqs namoyish qilardi. Saboning nafis xiromidan hayratlangan yaproqlar o‘zini qarsak chalishdan to‘xtatolmas, konsert zalida o‘tirgandek daraxt shohlariga turnaqator bo‘lib joylashib olgan qushlar betinim chug‘urlashar, go‘yoki o‘z tillarida “ofarin” deyayotgandek edi. Ariqdagi zilol suv ham shabbodaning haqiqiy muxlisi, shekilli, uning raqslariga boqadi-yu hayajondan go‘yo eti jimirlab ketgandek to‘lqinlanadi Bu ko‘rinmas raqqosa goh yashilikka burkangan tortinchoq maysalarni, goh shaddod gullarni davraga chorlaydi. Butun borliqdan hayotga muhabbat iforlari ufuradi. Men esa ularni hayrat bilan tomosha qilaman!
Mashhurabegim RAHMATULLAYEVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Beruniy tumanidagi 13-maktab o‘quvchisi