“Gulxan atrofida” toʻgaragi aʼzolari ijodidan
Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 152-maktabda tashkil qilingan “Gulxan atrofida” nomli yosh qalamkashlar to‘garagi a’zolarining she’riy mashqlarini bir o‘qib ko‘ring-a!
Karim uyaldi
O‘ynab-o‘ynab ko‘chada,
Uxlar yarim kechada.
Turolmaydi hech qachon,
Tongda soat ursa bong.
Maktabiga kechikar,
Choyni ham turib ichar.
Qaynab toshar g‘azabi,
Buzilgan-da asabi.
Kitobini qidirar,
Paypoq izlab yugurar.
Dars jadvalin bilmagan,
Uy ishini qilmagan.
Orqaga ilib papka,
Yuguradi maktabga.
Darsga kechikib kirdi,
O‘rtoqlar labin burdi.
Turibdi terlab-pishib,
Soch manglayga yopishib.
Unga termilib ustoz,
Nasihat qildi biroz:
– Bilsayding vaqtning qadrin,
Ko‘zga surtarding gardin.
Ulgurarding har ishga,
Darsga qolmasding kechga.
Turmas eding qizarib,
Ranging o‘chib, bo‘zarib.
Yig‘lab yubordi Karim,
Dedi: – Do‘stlar kechiring,
Vaqtni bilib sarflayman,
Ishonchingiz oqlayman.
Mubina TohirboYeva,
6-sinf
Onamga
Dunyoda har kishi onaga atab
She’r yozib ko‘radi hech bo‘lmasa bir.
Men onamga ta’rif beraman desam,
Xotiramga kelmas na so‘z, na satr.
Ko‘nglimda borlari tarqoq, aralash,
Shu onda tiqilar bo‘g‘zimga tugun.
Tugundan otilib chiqolsa ul so‘z
Eng mashhur she’r bo‘lar, albatta, bir kun.
Farangiz SaydaHmadova,
9-sinf
Bahor kutmoqda
Bahor suluv kelinchakday
Ibo bilan boqadi.
Jilg‘alar shod chuldirab,
Erkalanib oqadi.
Sho‘x shabada yalpizlarning
Qulog‘idan tortmoqda.
Do‘stlar yuring, unda bizni
Zumrad bahor kutmoqda.
Mohina NurboboYeva,
5-sinf
Koʻklam quvonchi
Yashnab ketdi, qirlar, dalalar,
Lola terib yurar bolalar.
Ko‘zlarimda oftob sevinchi,
Dilga tushdi bahor quvonchi.
Qish dardida guvillar hamon,
Kengliklarda ayozli shamol.
Biroq unga qilmasdan parvo
Ko‘kda varrak qiladi parvoz.
Dilnoza Rustamova,
5-sinf