Hoshimjondan oʻrgandim
Men sevgan qahramon Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sariq devni minib” asaridagi Hoshimjon obrazidir. Hoshimjon oʻqimasdan va oʻrganmasdan turib turli xil kasb egasi, yaʼni, oʻqituvchi, agranom va shoir boʻlishni istaydi. Ammo bilimi boʻlmaganligi tufayli, sehrli qalpoqchaning sehriga ishonib, el oldida uyalib qoldi. Bu voqealardan men har bir bola oʻyinqaroq boʻlmasdan, sidqidildan ilm olishi kerak, degan xulosaga keldim.
Men “Shu asarni oʻqib, qanday xulosaga keldim?” degan savol orqali Hoshimjonga oʻxshab yalqov boʻlmaslikni, ogʻir mehnatdan qochib, hech bir orzu-istaklarga erishib boʻlmasligini, kelajakda oʻzimiz istagan kasb yoki hunarni egallashimiz uchun astoydil oʻqib, izlanishimiz kerakligini bilib oldim. Biz hayot sinovlaridan qoʻrqmay qadam bosishimiz, oʻzimiz sevgan hunarni yoshligimizdan ishtiyoq bilan oʻrganishimiz, turli xil toʻgaraklarga qatnashib, bilimimizni yanada oshirishimiz zarur. Ana shundagina xalqimiz ardoqlaydigan inson boʻlamiz. Bunda esa bizga kitoblar yordam beradi.
Mana, hademay yozgi taʼtil boshlanadi. Men taʼtilda koʻproq badiiy kitob oʻqishni – maʼnaviyatim va soʻz boyligimni oshirishni rejalashtirdim.
Shubhasiz, kitoblar hayot yoʻlimni tanlashda toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadi. Chunki badiiy asar qahramonlarining xatti-harakatlaridan biz nima qilish va nima qilmaslik kerakligini bilib olamiz.
Qoʻlga oldim kitobni,
Soʻnmas nurli oftobni.
Undan oʻqib oʻrgandim,
Bilim hamda odobni.
Kitob nurafshon dunyo,
Ilm misoli daryo,
Oʻqib, oshar tafakkur,
Deymiz unga, tashakkur.
Qoʻllarda tutib kitob,
Qilamiz shunday xitob.
Sahifasi moʻjiza –
Ulugʻ alloma kitob.
Saidaziz SAMATOV,
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi
313-maktabning 8-inf oʻquvchisi