Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Uygʻonayotgan umid

Fargʻonalik oʻquvchi qiz Feruzaxon Moʻminova maktubida “Sheʼrlarim toza koʻnglimning ifodasi”, – deb yozibdi. Feruzaning mashqlarini oʻqib uning haqligiga ishondim. Haqiqiy sanʼat asarlari toza qalb qatlaridan sizib chiqqan javohirga mengzaladi. Bir sheʼrida: “Jajjilarning koʻzlarida nur” degan tashbehlar bilan Vatanga boʻlgan cheksiz muhabbatini izhor etadi. Bola qalbi pok va samimiy boʻladi. Unda makkorlik va aldov yoʻq. Zero, tinch va osuda yurtda, baxtiyor oilada koʻzlari shodon bolalar ulgʻayadi. “Bedor oʻtkazib tunni, Sheʼrlar yozgim keladi”, deb onalarimiz oldidagi qarzimizni taʼkidlaydi.

Feruzaxon bir olam orzularni qalbiga jo qilib, qoʻliga qalam olibdi. Uning: “Bodom gullaridan asta moʻralar, Hali ochilmagan ertangi umid”, degan satrlarini oʻqib, sheʼriyatning nozik nuqtalarini his qilishiga, sheʼr yozishga iqtidori borligiga amin boʻldim.

Kelajakda chinakam shoira boʻlish uchun koʻproq oʻqib, oʻz ustida doimo ishlab, ijod yoʻllarida oʻz uslub va ovozini topishga intilayotgan Feruzaxonga omad tilayman.

 

Dilmurod XOLDOROV,

Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, Tosh DOʻTAU dotsenti

 

Oʻzbeklar

 

Koʻzga surtar nonini,

Tark etmas salomini.

“Oʻzbek” atar nomini,

Oʻzi xon, oʻzi beklar –

Dunyo bilgan oʻzbeklar.

 

Doim magʻrur bolasi,

Qirda yashnar lolasi.

Yurakda yoʻq nolasi,

Oʻzi xon, oʻzi beklar –

Dunyo kezgan oʻzbeklar!

Goʻdagi ham “Vatan”, der,

Rizq-roʻzi peshona, ter.

Doim obod boʻlsin el,

Oʻzi xon, oʻzi beklar –

“Yurtim”, deydi oʻzbeklar!

 

Quyosh nuri tushgan el,

Ozodlikni quchgan el.

Yuksaklarga uchgan el –

Oʻzi xon, oʻzi beklar –

Dunyo tan olgan beklar.

 

Yorugʻ kelajak

 

Bahor asir etdi butun olamni,

Quyosh porlab turar, osmon musaffo.

Yashil rang oladi daraxt barglari,

Moviy tusda yashnar yulduzli samo.

 

Bizni qarshilaydi yorugʻ kelajak,

Buyuk ishlar uchun qadam tashlaymiz.

Orzular birma-bir amalga oshar,

Ezguliklar sari elni boshlaymiz.

 

Feruza MOʻMINOVA,

Fargʻona viloyati Beshariq tumanidagi

8-maktabning 8-sinf oʻquvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.