Ikki havaskor aka-singil
Ikki havaskor aka-singil Ruslan va Rushana kitobxon oilaning farzandlari. Bu bolalarning bobo-buvisi va ota-onasi kitobga o‘zgacha mehr qo‘yishgan. Ana shu mehr kattalarning yuragidan kichiklarga ko‘chib, ijod mahsuli sifatida qog‘ozga tushmoqda. Ularning ijod namunalaridan sizga ham ilindik.
Shodiyor TO‘RAYEV,
Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani
35-maktab ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi
Tinchlik sharofati
Navro‘z...
Chaqmoq qorong‘i qish qa’ridan Bahoroyni chorlab chiroqlarini lip-lip yoqdi. Bundan cho‘chib tushgan Momoqaldiroq qo‘lidan patnisini tushirib yubordi – butun olamni qars-qurs tovush qamrab oldi. Oqpar bulutning ko‘ngli yumshab ketdi: “Keldingmi, qizim!!!” Ko‘pni ko‘rgan Qarg‘a Shamolga maslahat berdi. Shamol Qarg‘aning gapiga kirib Qishni uzoq manzilga kuzatib qo‘ydi. Jilg‘alar buralib-buralib raqsga tushdi. Maysalar osmonga sakradi. Gullar “Nima shovqin?!” – deya olamga mo‘raladi. Shuni kutib turgan Shabada hammani bayramga chorladi. Bulbul holi qolmaguncha gulga olqish o‘qidi. Boshqalarga qo‘shilolmagan Hakka bahorni g‘iybat qildi. Osmonda qog‘oz qushlar “qanot yozdi”. Sumalak bolalarning qiy-chuvidan qulog‘ini bekitib biqirlab qaynadi.
Bu quvonchning bari Mustaqillik, tinchlik sharofatidan!
Ruslan SODIQOV,
9-sinf
Bahor
Tog‘larning belida lolalar undi,
Turnalar janubdan keltirdi darak.
Quyosh, Oy yarashib sulhga tutindi,
Suvga og‘iz ochar chanqab sumalak.
Rushana SODIQOVA,
7-sinf