Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kuz

Kengayib atrofni to‘sgancha chinor

Soya solib turar mitti o‘rikka.

Shamol silkiyotgan kichkina anor

Qaltirar, borgandek tibbiy ko‘rikka.

 

Ariqdan o‘ylanib oqayotgan suv

Hayron qay manzilga borishni bilmay.

Unga ergashgancha qushlar ham “guv-guv” –

Ketmoqda, bu yerda qolgisi kelmay.

 

Tog‘lar ortidagi horigan quyosh

Taftini bergisi kelmas atrofga.

Kuz gullari hayron ko‘tarmoqda bosh

Uyg‘onib birma-bir tizilar safga.

 

Za’faron yaproqlar to‘kilib yerga

Vidolarin borib suvga aytadi.

Dehqon dalasidan botgancha terga

Loy ko‘chadan charchab uyga qaytadi.

 

Sariq tusga kirgan giyoh maysalar

Ezma yomg‘irlarga beradi salom.

Hasratga aylangan sovuq tomchilar

Shivirlab zaminga aytadi kalom.

 

Xazon isi tutdi atrofni burkab,

O‘t-u o‘lanlarga berdi oltin rang.

Yam-yashil borliqqa bo‘yoqlar purkab,

Issiqqina yozni haydadi, attang.

 

Xudoyqul UMIRBOYEV,

Sirdaryo viloyati, Boyovut tumani

22-maktab 8-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.