Mehribon qoʻllar
Qoʻlimda kitob bilan shaharning sershovqin koʻchalaridan shoshilib borarkanman, bolalik xotiralarim asta koʻz oldimda jonlanadi, sogʻinchdan entikaman...
Tiniq ariq suvlarini loyqalatganlarimiz, saraton issigʻida behol yotgan olaparni holi-joniga qoʻymaganimiz, tasavvurimizda yangicha olam kashf etib, uni yumaloq gullar, uchburchak, toʻrtburchak uylar tasvirida chizib, “musavvirlik” qilganimiz, joʻxorini qoʻgʻirchoq qilib, “soch”larini oʻrganlarimiz... va albatta, maktabga benihoya hayajon bilan ilk qadam qoʻyganimiz...
Qanday sogʻinishga arzirli xotiralar!
Mening ilk ustozim Latofat opa edilar. Hayajon ichida oʻtirgan Yigirma bir nafar chaqnoq koʻzlarga toʻrt yil mobaynida qunt bilan dars bergan shu – Latofat opa Boboyorova.
U – siz...
Xotiralar asta jonlanar:
Sinf, boʻyoq hidi, oʻttiz polapon.
Bu – men. Mehribon qoʻl boshimni silar:
“chiziqdan chiqmasdan yozing, Iqboljon!”
– deya yozgan edi ustozim shoir Iqbol Mirzo.
Haqiqatdan ham, mehribon qoʻllarning yordami bugun menga tirgak. Ular qanoat bilan yozishga oʻrgatgan ekan, buning naqadar zalvorli vazifa ekanligini endi his qilmoqdaman. Ustozning oʻquvchilarni oʻqishga undar ekan, albatta, ragʻbatsiz qoldirmasdilar. Yaxshi oʻqiganlarga turli kitoblar, jurnallar, ota-onalarga rahmatnomalar berardilar. Bu esa chapani, sodda bolalar, jumladan men uchun katta sovgʻa edi...
Sershovqin yoʻldan ketarkanman, sokin qishloq koʻchalarini shovqinga toʻldirib maktabga ketayotgan oʻquvchilar yodimga keladi.
Bugun – 1-oktabr. Barcha ustozlarimning yoniga yetib borolmayman. Yaxshisi, qoʻngʻiroq qilaman. Siz ham ustozingizga hech boʻlmasa qoʻngʻiroq qilib, bayram bilan qutlab qoʻying.
Muxtasar KARIMOVA,
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi