“Yulduzlardan tizib koʻzmunchoq...”
Tadbirkor ayiqpolvon
Ayiqpolvon tadbirkor
Boʻlishni xohlab qoldi.
Doʻkon ochdi va unga
Turfa shirinlik soldi.
Oʻtirardi gerdayib,
“Savdosi boʻldi qanday?” –
Deganlarga javobim
Eshiting, mana bunday:
Bir hafta oʻtmay ayiq,
Puliga kuygan emish.
Chunki bor mahsulotin
Oʻzi yeb qoʻygan emish.
Xayol
Yulduzlardan tizib koʻzmunchoq,
Qoʻllarimga taqib olaman.
Oy nuriga yoʻgʻrilgan soʻzim
Chertkilayman, kuyga solaman.
Koʻk – soyabon, poyoni cheksiz,
Yel bagʻrida oʻylab tolaman.
Oymomodek oppoq bolishni
Quchoqlayman, uxlab qolaman.
Charos RAHIMQULOVA,
Samarqand viloyati Narpay tumani
NDPI oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti 2-bosqich talabasi