Millatga ilm kerak
“Jaholatga qarshi kurashmoqning eng
kuchli vositasi kitobxonlikdir”.
Kim edik biz, kim boʻldik, bugun biladi dunyo,
Maʼrifatning quyoshi el uzra sochdi ziyo,
Jaholatning botqogʻi butkul koʻmildi, lekin,
Sen doim ilm ista, millatga ilm kerak!
Jaholat bu – razillik, oʻzligin unutmoqlik,
Oʻz yurtiga sadoqat tuygʻusidan kechmoqlik,
Maʼrifatga intilish – komillikka yetmoqlik,
Sen doim ilm ista, millatga ilm kerak!
Maʼrifat ne desang, bil – maʼnaviyat choʻqqisi,
Ular doʻst-u qadrdon, hech ajralmas ikkisi,
Agar bilmoqchi boʻlsang har ikkisin maʼnisin,
Sen doim ilm ista, millatga ilm kerak!
Loqaydlik, beparvolik solar boshga balolar,
Jaholat – inson umrin kushandasi bilsang gar,
Dorilamon kunlarni yoʻqotmak istamasang,
Sen doim ilm ista, millatga ilm kerak!
Loqaydlardan yiroq boʻl, gʻaflatda qolma inson,
Beparvolik chorlasa, bu yoʻlda boʻlma mehmon,
Ziyo istab, nur istab, hamisha boʻl kitobxon,
Sen doim ilm ista, millatga ilm kerak!
Kitobxon boʻl, olim boʻl, dunyo boʻlar seniki,
Temurxon-u Ulugʻbek, Navoiylar kimniki?!
Buyuklarning beshigi – shu Vatan oʻzbekniki
Sen doim ilm ista, millatga ilm kerak!
Barno ROʻZIYEVA,
Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi
28-maktabning 8-sinf oʻquvchisi