Ona tili
Tandirdan shirmoyi nonlarin tortib,
“Bolam” deb tutqizgan onamsan tilim.
Dalada yelkada ketmonin ortib,
“Xalqim” deb hayqirgan otamsan tilim.
Seni taniganman tugʻilmay turib,
Sen asli mehrga yugʻrilgan oftob.
Necha ming asrlar qaʼrida yurib,
Buyuk tariximdan qilursan xitob.
Dunyoga yoyildi Navoiy kalom,
Temurbek shoniga tan berdi jahon.
Bobur quyib ketgan “oʻzbek” degan nom,
Hindning oʻtmishidan yangragay hamon.
Sen asli ilmdan taralgan bir nur,
Ulugʻbek nomini madh etgan yulduz.
Sen asli Yassaviy qalbida gʻurur,
Hazrat Buxoriylar eʼzoz bilgan soʻz.
Millatim yagona! Men sendan bildim,
Ulugʻ Kubrolarning erkli xatlarin.
Seni chin yurakdan sevib his qildim,
Otabek Kumushlar muhabbatlarin.
Biroq shuhratinging yoʻllarin toʻsib,
“Baʼzilar” boʻyninga sirtmoqlar taqdi.
Gohida bagʻringda ulgʻayib oʻsib,
Mehrobingdan chiqqan chayonlar chaqdi.
Shu payt xalqning oʻtli gʻamini yeya,
Choʻlponlar “Kecha”dan oldi alamin.
Hali mening tilim barhayot deya,
Qodiriy koʻtarib chiqdi qalamin.
Sen mening – ertamsan, mening – oʻzligim.
Saodat elimda saodat dilim,
Yorugʻ kelajagim, shirin soʻzligim,
Qudratli yurtimning qudrati – tilim!
Bobomurod SAʼDULLAYEV,
Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining 10-sinf oʻquvchisi