Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Mitti yulduz jilolari” toʻgaragi aʼzolarining mashqlaridan

Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi tashkil etilganiga uncha koʻp vaqt boʻlmagan esa-da, bu maktab oʻquvchilari allaqachon ulugʻ ustozga munosib voris ekanliklarini isbotlashga ulgurishdi. Ular respublika miqyosida ijodkor bolalar oʻrtasida tashkil etilgan “Hayot goʻzal, hayotga qoʻshil”, “Yilning eng yaxshi isteʼdodli shoiri” kabi bir qator onlayn tanlovlarda gʻolib boʻlishdi. Shu maktab oʻquvchisi Eʼzoza Alinazarova Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻldi.

Quyida ijod maktabida tashkil etilgan Mitti yulduz jilolari toʻgaragi aʼzolarining mashqlaridan namunalar oʻqiysiz.

 

Ajdodlar orzusi – Oʻzbekistonim

 

Buyuk oʻtmishga gar tashlasak nazar,

Bobolar kurashib fido etdi jon.

Toʻmaris, Shiroq-u Manguberdilar,

Kubrolar sevgan yurt shu – Oʻzbekiston.

 

Bobom Amir Temur yuksak koʻtargan

Adolat bayrogʻi hilpirar hamon.

Olis Hindistonda armonda oʻtgan

Bobur sogʻingan yurt shu – Oʻzbekiston.

 

Bu tuproq oddiymas, azizdir mangu,

Erk deya toʻkilgan har bir tomchi qon.

Shahid bobolarim – Qodiriylar-u

Choʻlponlar kutgan yurt shu – Oʻzbekiston.

 

Ollohga ming shukur, davlatimiz tinch,

Qadam bosdik buyuk kelajak tomon.

Farzandlar koʻzida porlaydi sevinch,

Avlodlar kutgan yurt shu – Oʻzbekiston!

 

Sevinch HAMROYEVA,

9-sinf oʻquvchisi

 

Tong otdi

Tong otdi maysaning yaproqlarida,

Xayollar shabnamdek barglarga qoʻndi.

Yomgʻirlar toʻldirgan botqoqlarida,

Nilufar toʻkildi, jilvasi soʻndi.

 

Tong oʻtdi daryoning qirgʻoqlarida,

Quvonch darvozasin qoqdi armonlar.

Qoʻrquvning ayovsiz titroqlarida,

Daraxtlar tanidan ketdi darmonlar.

 

Kun oʻtdi quyoshning yogʻdularida,

Oqshomga munavvar nurlar yoqmaydi.

Onaning sabridek bardoshli togʻlar,

Zulmat dahshatidan aslo qoʻrqmaydi.

 

Kun botdi oqshomning titroqlarida,

Olam jim. Goʻyoki ketdi uyquga...

Bedorman, ilhomning qiynoqlarida

Qalbim toʻlib borar otash tuygʻuga.

 

Tong otdi maysaning yaproqlarida...

 

Sevara FAYZULLAYEVA,

11-sinf oʻquvchisi

 

Onamga

Onajon egningda shoyidan libos,

Sochlaring quchoqlab olgandek roʻmol,

Balki sen malaksan, koʻylak ostiga

Qanotin yashirgan pari, ehtimol.

 

Yillarning tizgini chehrangda soya,

Tabassum yashirmas urinma, biroq

Sen borsan, goʻzalroq koʻrinar dunyo,

Sen borsan, tabiat yana yorqinroq.

 

Intizor yoʻl qarash, desa oʻyimga

Qadrdon siymoying kelaveradi.

Sen borsan, qalbimning xonadonida

Baxtning shoʻx shamoli yelaveradi.

 

Nastarin RAHMATULLAYEVA,

11-sinf oʻquvchisi, “Hayot goʻzal, hayotga qoʻshil” onlayn koʻrik-tanlovining

respublika bosqichi sovrindori

 

yurtim

Samodan mehr-la jilmayar quyosh,

Senda Navoiyning sogʻinch soʻzi bor.

Vatan! Koʻksing uzra qoʻygim kelar bosh,

Senda Sohibqiron oʻchmas izi bor.

 

Bizga jannat erur shu muqaddas yer,

Toʻmaris, Shiroqlar oyogʻin oʻpgan.

Mehnatkash manglaydan oqqanida ter,

Vatan! Sen ularga dastroʻmol tutgan.

 

Bugun sevinchimiz emas aslo sir,

Koʻzingdagi quvonch yoshlarin artgum.

Dillarni oʻynatar tegrang uzra gir,

Vatan lablaringdan tomgan tabassum.

 

Sevinch OMONOVA,

9-sinf oʻquvchisi,

“Yilning eng yosh isteʼdodli shoiri”

Respublika koʻrik-tanlovi gʻolibi

 

Osmonim boʻl

Soʻlim diyor, qaynoq bagʻringda

Yoz oqshomi yulduzlar yonar.

Tovonimdan oʻpgan maysalar

Boshin egib, mehrimdan qonar.

 

Bugun zamin ostonasida

Turibman men – Kaʼbam toʻrt taraf.

Qashqadaryo, elim yuzini

Yorugʻ qilish men uchun sharaf.

 

Duo qilgin ey, Ona xalqim,

Seni jondan sevgan qizingni.

Taʼriflasam keladi zavqim,

Osmoni boʻl men yulduzingni.

 

Shodiya YUSUPOVA,

8-sinf oʻquvchisi

 

Oila

U moviy osmon gumbazi ostidagi cheki yoʻq ummondir. Bu ummon uzra millionlab kemalar suzadi. Hammasining manzili oʻzga. Shamol kema yelkanlarini qayerga yoʻnaltirsa, oʻsha oqim boʻylab suzaveradi.

 

Umr

U qanchadan-qancha muhabbatga toʻla koʻngillar yashovchi, qalbi soʻqir va xasislarga boy boʻlgan shahardir. Bu shaharda hamma oʻziga kerakli narsani izlaydi, kerakligini qidiradi.

Topganida-chi?

Yoʻq. Hammasi roʻyo. Hammasi koʻrib boʻlingan tushdek eski. Koʻz oʻngilarida bepoyon ummon uzra suzib borayotgan kemalar. Ular orasidan oʻz kemamizni qidiramiz, qidiraveramiz.

Topganimizda-chi?

Miyigʻimizda maʼyusgina jilmayamiz. Ha, umr shunday. Dunyo oʻtkinchi. Oila deb atalmish ummon esa oʻz domiga tortaveradi. Olam oʻz hukmiga koʻra ish tutadi. Ammo men uchun “bemehrlik” kengliklarida arslon boʻlib chopgandan koʻra, mehr ummonining mitti baliqchasi boʻlib yashash oliy mukofot.

 

Dilobar SALOMOVA,

11-sinf oʻquvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.