Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Parvoz” toʻgaragi aʼzolarining sheʼriy mashqlaridan

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida faoliyat yuritayotgan “Parvoz” toʻgaragi rahbari Nargiza ASADOVA bir guruh shogirdlarining sheʼriy mashqlarini jamlab jurnalning telegramm kanaliga yoʻllabdi. Ular garchi tahrirtalab boʻlsa-da, mavzu va gʻoya jihatdan bolalik va yoshlikka xos begʻubor tuygʻularga yoʻgʻrilganligi bilan eʼtiborimizni tortdi.

Bu sheʼrlarni oʻqigach, fikrimizga qoʻshilasiz, deb umid qilamiz.

 

Mehri oftobim

 

Bilsangiz gar, u goʻzal bir malakdir,

Tunlar bedor – boshimizda halakdir.

Ayamaydi bizlardan bor mehrini,

Onajonim mehri cheksiz falakdir.

 

Yoʻllarimga hamroh, yorugʻ tilakdir,

Aytganlari tunda shirin ertakdir.

Umrim bezar yuzi yorugʻ oftobim,

Onajonim mehri cheksiz falakdir.

 

Zilola OʻRINBOYEVA,

27-maktabning 6-sinf oʻquvchisi

 

 

Arz

 

Bonu anchagina shoʻx,

Onasining erkasi.

“Mening erka qizim” deb,

Erkalatar dadasi.

 

Juda quvnab ketadi,

Onasi yopsa kulcha.

Asrar yostiq tagida,

Kulcha qotib qolguncha.

 

Yoshi atigi uchda,

Juda biyron qizaloq.

Uning munchoq koʻzida

Dunyo koʻrinar oppoq.

 

Jingalak soch qizchani

Butun qishloq taniydi.

Qishloqdagi uylarni

U birma-bir sanaydi.

 

Barchaga berib yordam,

U shifokor boʻlmoqchi.

Dunyo hali koʻrmagan

Yaxshiliklar qilmoqchi.

 

Shirin SAMANJON qizi

15-maktab bitiruvchisi

 

 

Qizaloq

 

Ruchka, qalam arz qildi,

Lobarning onasiga.

Chizgʻich, sumka qoʻshildi

Suhbatning orasiga.

 

Chizgʻich soʻzni boshladi:

“Ayamaydi sirayam”.

Ruchka, qalam der oʻksib:

“Yozmayapmiz xira ham”.

 

Sumkavoy dedi horib:

“Yil oʻtmasdan shalpaydim,

Ilma-teshik boʻlib, soʻng,

Bir burchakda yalpaydim”.

 

Oʻtib bir oz fursat deng,

Saranjomdir xonasi,

Hammasini joyiga

Qoʻydi Lobar onasi.

 

Sevinch BOZOROVA,

19-maktabning 6-sinf oʻquvchisi

 

 

Baxtli inson

 

Eng baxtli inson kim?

Uy mehrobida

Otasin duosi nur sochgan inson.

Eng baxtli inson kim?

Baxtsiz kunida

Onasin mehridan dil ochgan inson.

 

Eng baxtli inson kim?

Yigʻlab, kulsa ham,

Yonida yondoshi – akasi borlar.

Qadri baland odam kim?

Chekib dard-u gʻam,

Suyanchi boʻlolgan ukalik inson.

 

Farishta misoli

Duolar qilsa,

Bobosi, buvisi boʻlsa begumon.

Tugmalar oʻtkazgan koʻylaklariga,

Omadli odam u – singilli inson.

 

Goʻzal NISHONBOYEVA,

29-maktabning 10-sinf oʻquvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.