Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Odam boʻlish orzusi

(Bir koʻrinishli ertak-pyesa)

 

Qatnashuvchilar:

Sichqon xola

Quyoncha

Ayiqjon

Tulkivoy

Boʻrivoy

Ola qargʻa

Yovvoyi mushuk

Qirol sher.

 

Qadim zamonda, qalin bir oʻrmonda hayvonlar “Qaysi hayvon odamga oʻxshaydi?” deb bahslashib qolishibdi. Bahsga yechim topish uchun shu oʻrmon qiroli sher saroyiga kelishibdi.

Nihoyat saroyga qirol sher kirib kelibdi.

Qirol sher: – Oʻrmondagi barcha hayvonlar yigʻildimi?

Boʻrivoy: – Yigʻilganmiz, sizni kutyapmiz, qirolim.

Tulkivoy: – Muammoni hal qilib bering, olampanoh.

Ayiqjon: – Faqat tezroq, qornim och. Ketishim kerak, asalim tugab qoldi.

Sichqon xola: – Voy, bahsimiz tugaguncha mening oʻljamni qushlar ilib ketmasmikan?

Yovvoyi mushuk: – Hammaning oʻziga yarasha ishi-tashvishi bor ekan. Yaxshiyam meni hech narsa qiziqtirmaydi.

Qirol sher: – Boʻldi, jim boʻlinglar! Avvalo, bu bahsni men emas, oʻzingiz boshladingiz. Shunday ekan, har biringiz odam bolasiga oʻxshash biror feʼl, qiziqishingiz, nimalar bilan mashgʻul ekanligingiz haqida gapirib berasiz. Xoʻsh, kimda savol bor?!

Quyoncha: – Menda savol bor... Ayting-chi, bu bahsning bizga nima foydasi bor?

Sichqon xola: – Toʻgʻri, nima foydasi bor?

Qirol sher: – Foydasini bilmadim-u, meni hayron qoldirgan narsa, bu savol faqat sizni emas, ota-bobolaringizni ham oʻylantirgan. Oʻzaro rosa tortishishgan. Har biri oʻz fazilatini aytib maqtangan. Biroq shu paytgacha “Qaysi hayvon odamga oʻxshaydi?” bahsida hech kim yutmagan. Demoqchimanki, bu nomga ega boʻlish oson emas.

Quyoncha: – Ha, toʻgʻri. Menga buvim aytib berganlar.

Ayiqjon: – Yaxshi. Unda bahsni kim boshlaydi.

Qirol sher: – Men boshlayman, eshiting. Odamlarda ham qirol boʻlar ekan, u mamlakatni boshqarar ekan, baʼzi joylarda podshoh, baʼzi joylarda prezident deb aytishar ekan. Demak, menda ularga oʻxshash qobiliyat bor. Sizlarda-chi?

Sichqon xola: – Men odamlar uyida jon saqlayman. Ular qandaydir toʻrtburchak narsaga don, non qoʻyib meni “mehmon” qilishadi. Ana shunaqa, meni odamlar hurmat qiladi.

Yovvoyi mushuk: – Bilasizmi, odamlar meni kimga oʻxshatishadi? Endi tugʻilgan chaqaloqqa. Meni silab-siypab erkalatishadi. Oʻgʻirlik qilib turushimdan ham xabardorsiz. Baʼzi odamlar ham oʻgʻirlik qilib turar ekan. Ularni jinoyatchi deb aytisharkan. Demak, men jinoyatchilikda ham ularga oʻxshayman.

Ola qargʻa: – Ey, meni aytmaysizmi? Juda pishiqman, ertangi kunimni ham oʻylayman. Oʻljamni sekin-sekin yeb tugataman. Xuddi onalarga oʻxshab masalliqlarni tejab-tejab ishlataman. Mendan yaxshi uy bekasi chiqadi.

Tulkivoy: – Men juda ayyorman. Bu borada menga yetadigan hayvon boʻlmasa kerak. Hayvonlar mening soʻzimga laqqa tushishadi. Aytmoqchi, baʼzi odamlar ayyor boʻlar ekan. Men oʻsha ayyor odamlarga oʻxshayman!

Ayiqjon: – Menga uyqu boʻlsa boʻldi. Asalimni yeyman, hech gʻamim yoʻq. Odamlar qishda dam olishadi. Sovuq paytda mazza qilib asal yeyishadi.

Boʻrivoy: – Men juda ochkoʻzman, faqat qorinni oʻylayman. Doimo oʻlja poylayman! Quyon, toshbaqa, qoʻy va yana koʻpgina hayvonlar mendan qoʻrqib, qochib yuradi. Bilasizmi, odamlar orasida ham meningdek ochkoʻzlari uchrab turadi.

Quyoncha: – Men-chi, juda qoʻrqoqman. Lekin birovga ziyonim tegmaydi. Oʻzim bilan oʻzim ovora, birov bilan ishim yoʻq. Baʼzi odamlar doimo nimadandir qoʻrqib yashar ekan. Men ana shu – qoʻrqoq odamlarga oʻxshayman!

Qirol sher: – Demak, hammangizda ham odam bolasining qandaydir odati bor ekan. Ammo...

Yovvoyi mushuk: – Qirolim ayting-chi, bu bahsda kim yutdi? Bu bizlar uchun qiziq, toʻgʻrimi?

(Boshqalar ham uning gapiga qoʻshilishadi)

Qirol sher: – Bu bahsda doʻstlik gʻalaba qozondi. Ammo unutmang, bizda odamniki kabi kamchiliklar boʻlganidek, yaxshi fazilatlari – mehribonligi, sadoqatliligi, aqlliligi ham bor. Biroq insongagina xos bir noyob fazilat hech birimizda yoʻq ekan. (U shunday deb alamli oʻkirib qoʻydi)

Quyoncha: – Eh, shunaqami? Esiz, men bu bahsda yutishni juda xohlagan edim. Qirolim, ayting u qanday fazilat oʻzi?

Ayiq polvon: – Ming harakat qilsak-da, bizlar baribir odamga oʻxshamaymiz. Shuning uchun xafa boʻlmaylik. Axir odam bu odam-da.

Yovvoyi mushuk: – Juda toʻgʻri gap! Qoʻy, quyoncha, xafa boʻlma, yur ketdik.

Tulkivoy: – Mayli-mayli, baribir kimdir gʻolib boʻlishi kerak edi-da.

Sichqon xola: – Quyoncha, xafa boʻlma, men sichqonman, sen quyonsan, shu holimizcha qolganimiz yaxshi.

(Quyoncha goʻyo hech kimning soʻzini eshitmayotganday joyida turaverdi.)

Ola qargʻa: – Quyoncha, sen nonushtada menga sherik boʻlasan, uyimga mehmonga chaqiraman.

Quyoncha: – Rahmat, qargʻa xola, biroq men baribir odamga oʻxshashga intilaveraman. Mana koʻrasiz, bu bahsda, albatta, men yutaman. Chunki oldimga shu maqsadni qoʻydim, unga erishmagunimcha toʻxtamayman.

Qirol sher: – Ana, ana gʻolib topildi! Men aynan shuni kutgandim. Odamzod oldiga maqsad qoʻysa, u amalga oshmagunicha tinchimaydi, intiluvchan boʻladi. Aynan shuning uchun ham sen odamga oʻxshaysan, barakalla!

Boʻrivoy: – (quyonga qarab) Nima-nima, tavba, nega endi shu mitti qoʻrqoq odamga oʻxshasin? Bir yamlab yutsa boʻladigan oʻlja-ku, bu.

Quyoncha: – (boʻriga) men oʻlja emasman, endi oʻzing oʻljasan!

Qirol sher: – Ketdik quyoncha, sen tanlov gʻolibisan, buni butun oʻrmonga eʼlon qilamiz. Biroq oʻrmon ahlidan ehtiyot boʻl, chunki sen odamga oʻxshaysan. Odamning esa dushmani koʻp boʻladi.

Shunday qilib, “Qaysi hayvon odamga oʻxshaydi?” bahsida quyoncha gʻolib boʻlibdi. Hayvonlarning baʼzi birlari quyonga hasad, baʼzi birlari esa havas qilishibdi. Chunki hamma hayvonlar ham odamga oʻxshashni xohlashar ekan-da!

 

Madina KENJABOYEVA,

Toshkent Davlat Agrar universiteti

Akademik litseyi oʻquvshisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.