Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘rtoqlar

Sobir maktabdan qaytayotib o‘rtog‘i Zokir bilan aytishib qoldi. “Endi Zokir bilan o‘ynamayman”, o‘yladi Sobir uyda yolg‘iz choy ichib o‘tirib.

Shu choq oyisi chaqirib qoldi: – Sobir, choyingni ichib bo‘ldingmi, chelakka axlat solib qo‘ydim, to‘kib kel!

– Oyi, axlatni o‘sha tepalikka olib borishim shartmi, ariqqa to‘ksam bo‘lmaydimi? – so‘radi Sobir ichkaridan chiqib xo‘mraygancha.

– Ariqqacha yetgan oyog‘ing axlatxonaga yetmay qoldimi? Oqar suvga ham chiqindi to‘kadimi? Bunday yomon fikr xayolingga qayerdan kelib qoldi?

– Zokir bilan urishib qoldim. Undan o‘ch olmoqchiman. Chiqindini ariqqa to‘ksam, suv to‘g‘ri Zokirlarning hovlisidan oqib o‘tadi. Zokir mollarini ariqdan sug‘oradi. Iflos suvni ichgan mollari kasal bo‘ladi. Shunda Zokirning dadasi o‘g‘lining ta’zirini beradi.

– Shunda sen xursand bo‘lasanmi? – ajablandi oyisi. – Birinchidan, suvga chiqindi to‘kish mumkin emas. Bobolarimiz, oqar suvni iflos qilish gunoh, deyishgan. Ikkinchidan, sen o‘rtog‘ingdan o‘ch olaman, deb shu ariqdan suv ichadigan barcha mahalladoshlaringga ozor yetkazasan. Shu suvdan ichib gurkirab hosil beradigan sabzavotlar, mevali daraxtlar hosilini ham zaharlaysan. Balki erta-indin bozordan o‘zing zaharlagan sabzi-piyozlarni dadang sotib olib kelar. Men ulardan ovqat pishirarman. Bitta seni xursand bo‘lishing uchun shuncha odam xafa bo‘lsa yaxshimi?

Buyog‘ini o‘ylab ko‘rmagan Sobir qo‘rqib ketdi.

– Yo‘q, oyijon, bunday qilmayman.

– Bu boshqa gap. Yana bir maslahat. Odam o‘zining qadrdon og‘aynisidan xafa bo‘lib, gina saqlab o‘tirishi uyat. Zokirjon yaxshi bola. Chelakni bo‘shatib qaytayotganingda ularnikiga kirib, yarashib ol, – dedi oyisi.

Sobir Zokirni darvozasi yonida uchratdi. Sap-sariq o‘rik to‘ldirilgan tovoqni ushlab olgan Zokir o‘rtog‘ini ko‘rib suyunib ketdi.

– O‘rtoq, boya seni o‘ylamasdan xafa qilib qo‘yibman, meni kechir. Mana bu o‘riklarni oyim berdilar, o‘zimizning hovlida pishgan, – Zokir shunday deya qo‘lidagi tovoqni Sobirga tutqazdi. Sobir esa hech narsa deyolmay qizarib ketdi.

 

Xushnudbek XOLIQOV,

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi

2-VIDUMI o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.